Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy nazarida Liviyaning 42 yillik rahbari, polkovnik Muammar Qaddafiyga qarshi harakatlar xato. Xitoyda majlis qilgan rasmiylar konfliktni tinch yo’l bilan hal qilish kerak deb chiqqan.
Iqtisodiy jihatdan quvvatga to’lib borayotgan bu davlatlar o’z e’tirozini qog’ozga tushirib, rezolyutsiya qabul qilgan.
Xitoy prezidenti Xu Tzintao fikricha, Afrika shimolidagi siyosiy to’qnashuvlar, hattoki urush mintaqa xavfsizligi va tinchiga salbiy ta’sir qilmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashida Liviyada parvozlarni man qiluvchi hujjat ovozga qo’yilganida ham mana shu to’rt davlat ovoz bermaslikni ma’qul topgan edi.
Braziliya, Rossiya, Xitoy va Hindiston nazarida BMT Xavfsizlik Kengashi qayta tuzilishi va rivojlanayotgan davlatlarga ko’proq vakolat berilishi kerak.
Shunda kengash effektiv-samarali ish yurita oladi, deydi bu davlat rahbarlari. Yig’inda qatnashgan Janubiy Afrika rasmiylari ham shu fikrda. Besh davlat dunyo aholisining 40 foizini tashkil etadi.
Rossiya va Xitoy BMT Xafvsizlik Kengashining doimiy a’zolari va veto huquqiga ega. Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrika esa kengashning muvaqqat a’zolari.
Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning aytishicha, davlatlar Liviyada aholi orasidagi talofatlardan xavotirda. Har qanday mojaro siyosiy va diplomatik yo’l bilan yechilishi kerak, deydi u.