Koalitsiya kuchlari Liviya uzra operatsiyani kengaytiradi

  • Amerika Ovozi

Ittifoq kuchlari Bing'ozidan Tripoli tomon siljishi mumkin

BMT qo’llab-quvvatlovini olgan xalqaro koalitsiya Liviya shimoli uzra parvozlar man qilingan maydonni oshirishga harakat qilmoqda.

Britaniya, AQSh, Kanada, Fransiya va Italiya kuchlari mana to’rt kundirki Muammar Qaddafiy harbiy ob’yektlarini bombardimon qilib keladi.

Hozircha koalitsiya muxolifat qarorgohi sanalgan Bing’ozini himoya qilish bilan band. G’arb tomon, poytaxt Tripoli tomon harakat qilish rejada.

Koalitsiya kuchlari Liviya uzra operatsiyani kengaytiradi

Qaddafiyga moyil kuchlar xorij samolyotlariga qarata o’t ochib, hujumni qaytarish harakatida.

Liviya g’arbidagi Misrata va Zintan shaharlarida hukumatga xayrixoh tomon va muxolifat olishayotgani aytiladi.

Kecha Bing’ozida AQShga qarashli harbiy samolyot qulagan

Rasmiylar taxminicha, samolyot urib tushirilmagan, balki mexanik nosozlik bois ro’y bergan.

Koalitsiya kuchlari Liviya uzra operatsiyani kengaytiradi

Xalqaro koalitsiya mana uch kundirki, Liviya uzra parvozlarni taqiqlash operatsiyasini amalga oshirmoqda. Poytaxt Tripoli uzra tinimsiz o’q ovozlari eshitilmoqda.

Bugun qulagan samolyotning ikki piloti parashyut yordamida omon qolgan. “Ikkisi ham hududdan olib chiqildi”, - deydi rasmiylar.

Koalitsiya kuchlari Liviya uzra operatsiyani kengaytiradi

Harbiy kampaniyaga mas’ul AQSh generali Karter Xemning aytishicha, maqsad Muammar Qaddafiyni nishonga olish emas.

Xalqaro koalitsiya vazifasi – xalqni diktator-rahbardan himoya qilish, Qaddafiyga sodiq kuchlar xatti-harakatini kuzatish, Bing’ozi shahrida o’rnashgan muxolifat yaqiniga yo’latmaslik, deydi general.

General Xem “Qaddafiyning qayerda ekanini bilmaymiz, uni qidirmoqchi ham emasmiz” deydi.

Prezident Barak Obama fikricha, Liviya masalasida xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi kerak.

“Demokratiyani chetdan singdirib bo’lmaydi. Erkinlik, hurlik istagan kishilar tashabbus ko’rsatishi lozim”, - deydi AQSh rahbari.

Bing'ozida qulagan AQSh qiruvchi samolyotini boshqargan uchuvchilar omon

Amerika pozitsiyasi shuki, deydi prezident, Liviyada Muammar Qaddafiy hokimiyatdan ketishi kerak.

"Ammo BMT shafeligida harakat qilayotgan xalqaro koalitsiya havo hujumlaridan maqsad bu emas. Liviya xalqini zolim rahbaridan himoya qilmoqchimiz xolos",- deydi Obama.

AQSh rahbarining aytishicha, dastlabki operatsiyalarga Qo’shma Shtatlar boshchilik qilmoqda. Lekin yaqin kunlarda mas’uliyat boshqa davlatlar zimmasiga o’tadi.

"Missiya bir necha bosqichdan iborat. Operatsiyada arab davlatlarining havo kuchlari ham faol ishtirok etmoqda", - deydi u.

Koalitsiya kuchlari Liviya uzra operatsiyani kengaytiradi

Obamaning aytishicha, harbiy choralardan tashqari Amerika va uning ittifoqchilari moliyaviy tadbirlar ham ko'radi, xususan, Muammar Qaddafiy va uning tuzumiga tegishli mulklar muzlatiladi. Mavjud sanksiyalar yanada keskinlashadi.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron deydiki, bariga NATO – Shimoliy Atlantika harbiy bloki bosh-qosh bo’lishi lozim. Biroq Fransiya nazarida alyans bu mojaroda markaziy rol o’ynamagani ma’qul. Alyans a’zosi Turkiya NATO ishtirokini aniqlashtirish kerak, deydi.

Mamlakat Bosh vaziri Rajap Toyyip Erdog'an Saudiya Arabistoniga safari chog'ida bu masalaga to'xtalar ekan, "NATO bu ishga bosh qo'shadigan bo'lsa, maqsad istilo emas, yordam ekanini isbotlay olishi kerak", - deydi.

Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyip Erdog'an Liviya taqdiri liviyaliklar qo'lida, deydi

"Liviya taqdirini bu xalqning o'z hal etishi kerak",- deydi Erdog'an.

AQShda ayrim qonunchilar Liviyadagi reydlardan, Obamaning bu ishga bosh qo’shganidan afsusda.

Prezident Kongressga maktub yo’llab, AQShning vazifasi aniq va cheklangan deya ishontirishga urinmoqda.

“Amerika Liviyaga qo’shin kiritmaydi”, - deydi prezident.

G'arb siyosatini tanqid ostiga olayotganlardan biri Rossiya bo'lib, Bosh vazir Vladimir Putin fikricha, Liviya uzra havo hujumlari o'rta asrlardagi salib yurishlarini, ya'ni nasroniylarning musulmon dunyosiga qilgan xurujlarini eslatadi.

Liviyadagi havo hujumlarini, jumladan, Britaniya, Fransiya va Italiya amalga oshirmoqda. O’rta asrlarda aynan ingliz, fransuz va italyan ritsarlari xristian salibchilari safiga kirib, islom dunyosiga yurish qilgan.

Oradan sal o'tmay, prezident Dmitriy Medvedev Putinning so'zlarini "o'rinsiz" deya ta'riflagan.

Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev BMTning Liviyaga doir qarori xato emas, deydi

“Sivilisatziyalar, dinlar adovatiga yetaklovchi bu kabi bayonotlarga qarshimiz”, - deydi prezident.

“BMT rezolyutsiyasini xato deb hisoblamayman”, - dedi Medvedev.

Xitoy Liviyada otishmani zudlik bilan bas qilishga undamoqda.

O’lim, talofatga yetaklovchi har qanday choraga qarshimiz, deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jiang Yu.

O’tgan hafta BMTda Liviya borasida rezolyutsiya ovozga qo’yilganida Xitoy va Rossiya betaraf bo’lgan edi.

Kelayotgan payshanba BMT Xavfsizlik Kengashi majlis qilib, harbiy chora qanday ijro etilayotgani borasida gaplashadi.