Liviyada isyonchi guruhlar mamlakatning to’rt shahri hukumat nazoratiga o’tgani haqidagi da’volarni inkor etmoqda.
Tobruk, Ras Lanuf, Misrata va Zaviya aholisi so’zlariga ko’ra, bu hududlarda Muammar Qaddafiyga qarshi qurol ko’targan odamlar hukmron.
Liviya hukumati so’zlovchisi Musa Ibrohim deydiki, bugun tongda poytaxt Tripolida yangragan o’q ovozlari to’qnashuv emas. “Xalq armiya qo’lga kiritgan yutuqlarni olqishlayapti”, - deydi u.
Guvohlarning aytishicha, harbiylar kecha Tripolidan 50 kilometr naridagi joylashgan Zaviya shahriga tanklar bilan kirib borib, tinch aholini o’qqa tutgan. Shifokorlar yetti fuqaro o’lganini aytadi.
Liviyaning Bing’ozi shahrida ishga tushgan muvaqqat kengash xalqaro hamjamiyatni u bilan ishlashga hamda muxolifatni qo’llab-quvvatlashga chorlayapti.
Xalqaro tashkilotlar Liviyadan bosh olib ketayotgan xorijiy fuqarolar, yuz minglab mehnat muhojirlariga yordamni tezlashtirish harakatida.
Misr bilan chegaradagi Salum shahrida besh ming kishi, jumladan ayollar va bolalar boshpana topgan.
Qo’shma Shtatlar hududga gumanitar yordam ortilgan ikki samolyotni jo’natgan.
BMT Qochqinlar agentligining ma’lum qilishicha, Liviya armiyasi chegarani qattiq nazorat qilayotgani bois qo’shni Tunisga qochayotgan odamlar soni keskin kamaygan.
Liviyadan minglab muhojirlarni evakuatsiya qilish uchun Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi 26 million dollar so’ramoqda.
Bahraynda minglab odam siyosiy islohotlarga chaqirib, Bosh vazir Shayx Xalifa bin Salmonning idorasi qarshisida namoyish qilgan.
Shialardan iborat oppozitsion guruhlar Bahraynda monarxiyaga chek qo’yib, boshqaruvni saylangan hukumatga topshirishni talab qilib keladi.
Qariyb bir oydan beri davom etayotgan ommaviy chiqishlarda 14 kishi o’lgan. Al-Xalifa qirolligi G’arb bosimi ostida tinch namoyishlarga ruxsat berayapti.
Saudiya Arabistoni hukmdorlari mamlakatda namoyishlarni taqiqlab qo’ydi.
“Tartibbuzarlikka aslo yo’l qo’yilmaydi”, deyiladi Ichki ishlar vazirligi rasmiysi televideniye orqali o’qib eshittirgan bayonotda.
Xabarlarga qaraganda, kuni-kecha Saudiya Arabistonining Bahrayn bilan chegara hududida shia musulmonlar siyosiy mahbuslarni ozod etishni talab qilib, ko’chaga chiqqan.
Faollar internetda, Facebook sahifasi orqali ommaga murojaat etib, 11 va 20 mart kunlari yirik namoyishlarga da’vat etmoqda.
Neftga boy Saudiya Arabistoni yaqinda 36 milliard dollarga teng islohot dasturini e’lon qildi. Qirollik maoshlar va ijtimoiy yordam programmalarini kengaytirib, norozilik namoyishlarlarining oldini olmoqchi.