O'tgan to'rt yil davomida AQShdagi fuqarolar urushini xotirlashga bag'ishlab o'tkazilgan marosimlar minglab sayyohlarni tarixiy hududlarga, janglar ro'y bergan shaharlarga jalb qildi. Illinoys shtatida Prezident Avraam Linkoln xotirasiga bag'ishlangan ana shunday tadbirlarning so'nggisi o'tkazildi.
150 yil muqaddam Chikagoning Michigan ko'li yaqinidagi bu hududdan prezident Avraam Linkolnning jasadi solingan tobut olib o'tilgan.
"Butunlay sukunat edi. Ular tobutni poyezddan olib, 12 metr balandlikdagi ulkan gotik arkadan olib o'tishgan", - deya xotirlaydi mahalliy kitob do'koni sohibi.
Chikagoda Avraam Linkoln nomidagi kitob do'koniga ega Den Veynbergning aytishicha, hodisaning 150 yilligi xotirlanar ekan, tadbirlarda o'tmish ruhini saqlashga harakat qilindi.
"Ittifoqda 36 ta shtat bor edi. Har biri uchun oppoq kiyingan bir yosh ayol biriktirildi. Ular qo'lida nilufar guli bilan tobut solingan mashina oldida turdi. So'ng ular tobutga qo'llaridagi gulni tashladi", - deydi u.
1865-yilning 3-may kuni Linkolnning jasadi Springfildga olib kelingan. Bir yarim asr o'tib bu tadbir bugungi avlod ko'zi o'ngida qayta jonlantirildi.
Shahar markaziy ko'chalaridan o'tgan tobut solingan mashina minglab odamni o'ziga qaratdi. Ular orasida ko'pchilik o'sha davrga xos kiyim va harbiy formalarni kiyib chiqdi.
"Bu juda muhim hodisa. Linkoln illinoyslik bo'lgan. U bizning sevimli farzandimiz, shuningdek, millat odami edi", - deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Charls Sanders.
Sandersning aytishicha, marosimni ko'rish uchun yig'ilgan odamlarning ko'pligi Linkolnning AQSh tarixida ulug' shaxs bo'lganini tasdiqlovchi dalillaridan biridir.
"Barcha irq va qarashdagi odamlar Linkoln olg'a surgan qadriyatlar ortida turibdi. Bugun biz u qilgan va qilmoqchi bo'lgan ishlarga qaytyapmiz", - deydi u.
"U odamdan ko'ra afsonaga ko'proq o'xshaydi", - deydi Afro-amerikaliklar muzeyi xodimi Pemon Rami.
Uning aytishicha, Avraam Linkolnning o'ldirilishi 16-prezidentning Amerika tarixidagi maqomini oshirib yuborgan.
"Uning o'ldirilganini fakt sifatida xotirlaymiz. Frederik Duglas aytganidek, agar u tirik qolib, keksayish yoshiga yetganida, unga munosabat boshqacha bo'lishi mumkin edi. Odamlar har doim bu hodisa yaratgan aks-sado haqida gapirib keladi", - deydi u.
Ammo Springfildda yig'ilgan tarix ishqibozlari o'tmishga emas, balki Linkolnning kelajak uchun qolgirgan merosiga ko'proq e'tibor qaratmoqda.