O'zbekiston sobiq prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva diplomatik vazifasini topshirishi bilan Karimovlar sulolasining so'nggi vakili siyosiy maydondan ketdi. 10 yil davomida O'zbekistonning YUNESKOdagi elchisi bo'lib ishlagan Lola Karimova ijtimoiy tarmoqda bergan bayonotiga ko'ra, endi u o'z faoliyatini xayriya loyihalari bilan davom ettirmoqchi.
"Sen yetim emassan" jamg'armasini boshqarib kelgan marhum prezidentning kenja qizi avvalroq otasining 80 yillik xotira tadbirlarida qatnasha olmaganidan taassufda ekanligini bildirgan edi.
Lola Karimova o'zi elchilik qilgan davr mobaynida O'zbekistonning bir qator nomoddiy va ma'naviy boyliklari YUNESKO ro'yxatiga kiritilganini qayd etgan.
Uning yozishicha, 10 yillik elchilik faoliyati hayotining muhim qismiga aylangan, vatanga xizmat qilish imkoniyatiga ega bo`lganidan behad mamnun.
"Men UNESKOdagi elchilik vazifasini tark etishga qaror qilgan bo'lsam-da, madaniyat, ta'lim, ilm-fan va atrof-muhitni asrash loyihalariga oid faoliyatimni davom ettirish niyatidaman", - deb yozadi Facebokdagi sahifasida Lola Karimova.
U, shuningdek, o'zi boshqarib kelayotgan "Sen yetim emassan" jamg'armasi, jumladan, tibbiy yordamga muhtoj bolalarga ko'mak ko'rsatish ishlarini davom ettirishini bildirgan.
Lola Karimovaning faoliyati davom etishi ko'rsatilgan yo'nalishlar qatorida uning otasi marhum Islom Karimov nomidagi xalqaro jamg'arma tilga olinmagan. Islom Karimovning o'limi ortidan tashkil qilingan bu jamg'arma, asosan, marhum Karimov oilasi vakillari tomonidan, xususan, Lola Karimova tomonidan yuritiladi.
Lola Karimova bu jamg'arma doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan ham jamoatchilikni tanishtirib kelayotgan edi. U o'zbek to'qimachilik san'ati tarixiga bag'ishlangan "Yo'qotilgan jannat" nomli ko'rgazma Islom Karimov jamg'armasi doirasida tashkil etilgani haqida dekabr oyida xabar bergan edi.
Avvalroq esa otasi Islom Karimovning 30-yanvar kuni o'tkazilgan 80 yillik xotira tadbirlarida ishtirok eta olmaganidan taassuf bildirib yozgan edi.
Opasi Gulnora Karimovadan farqli o'laroq, Lola Karimova otasi Islom Karimov davrida ham, yangi hokimiyat paytida ham hozirgacha hukumat marhamatidan chetda emas.
Ammo so`nggi paytlarda Lola va uning eri Temur Tillayevga tegishli bo'lgan "Abu Saxiy" bozori atrofida surishtiruvlar boshlangani, so'ng kompaniya boshqa odamga o'tganidan so`ng davlatga to'lanadigan soliqning bir necha barobarga ortgani shaxsan Prezident Mirziyoyev tomonidan ta'kidlab o'tilishi Lola Karimova ustida ham "qora bulutlar" aylanayotganidan darak sifatida ko'rildi.
Ekspertlar soliqdan bo`yin tovlash bo`yicha "Abu Saxiy" ustidan tergov-surishtiruv boshlangan taqdirda kompaniya egalarini javobgarlikka tortish uchun dalillar yetarlicha topilishiga shubha qilishmaydi.
Xalqaro nashrlarda Lola Karimova va Temur Tillayev yirik miqdorda moliyaviy firibgarlikka aralashgani haqida jurnalistik surishtiruv ham paydo bo'ldi. Bu ayblovlarga nisbatan Lola Karimova raddiya bildirgan.