Talabalar qochoqlar hayotini yengillashtirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Dunyo bo’ylab qochoqlar soni ortib borarkan, ular global jamiyatning eng ehtiyojmand aholisiga aylangan. Amerika poytaxti Vashington atrofidagi universitet talabalari uyushib qochqinlarga oziq-ovqat yetkazishga bel bog’lagan.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika talabalari qochoqlarga yordam bermoqda

Talabalar shaharchasi dukkakli-don mahsulotlarini qutilarga joylayotganlar bilan gavjum.

“Yaqin Sharqdagi qochoq oilalarga yuboramiz. Har bir quti bir oilaga mo’ljallangan. Qutidagi oziq-ovqat 5 kishiga yetadi. Kuniga 280 tagacha shunday quti tayyorlaymiz”, - deydi Jorj Meyson universiteti talabasi Brett Miller.

Qochqinlarga oziq-ovqat yetkazish “Muruvvat haftaligi” gumanitar loyihasi doirasida o’tkaziladi.

“Safimiz qancha kengaysa, shuncha yaxshi. Yahudiy, musulmon guruhlari, sportchilar, xotin-qizlar qo’mitasi bilan hamkorlik qilamiz. Birlashib ehtiyojmand qochoq oilalarga yordam berish harakatidamiz”, - deydi Brett.

2010-yildan beri o’tkaziladigan “Muruvvat haftaligi”da boshqa loyihalar ham bor.

“Jinsiy qullikka sotilgan ayollarni qutqarish uchun mablag’ yoki Afrika maktablari uchun o’quv-qurollar to’playmiz. Janubiy Sudan o’zi hosil yetishtira olishi uchun urug’ ham yetkazib bergandik”, - deydi u.

Talabalar turli sabablar bilan pul yig’ishadi.

“Pul to’plash yo’llarini topganmiz. Masalan, universitetimiz va loyiha nomi tushirilgan futbolkalarni 20 dollardan sotib qochqinlar uchun sarflaymiz”, - deydi Brett.

Uning aytishicha “Muruvvat haftaligi” ikki maqsadni ko'zlaydi.

“Qochoqlik azoblarini yengillashtira olsak, ularda kelajakka umid uyg’otsak deymiz. Bu yerdagi talabalar qalbida uy-joyidan ayrilgan, ilojsiz odamlar uchun gamho'rlik hissini uyg'otmoqchimiz”, - deydi Brett.

Kerri Jon umid qilsa bo’ladigan talabalardan. U uch yildan beri “Muruvvat haftaligi” loyihasida qatnashadi.

“Qochoqlarning ahvolidan o’zimni omadli his qilaman. Borgani uyim, yotgani joyim bor. Ularda esa yo’q. Qochqinlikda kun kechirayotganlarning og’ir hayotiga salgina yorug’lik, umid bera olsam deb harakat qilyapman”, - deydi Kerri.

Xalqaro gumanitar tashkilotlar hamkorligida talabalar to’plagan oziq-ovqatlar qochoqlar lagerlariga yetkazib berilmoqda.