AQSh Maliga terrorizmga qarshi kurashda yordam bermoqda

  • Amerika Ovozi

Mali shimolida uyidan qochib, qochqinlar lagerida boshpana topganlar ko'p.

Malida avgust oyida yangi hukumat saylanganidan ko’p o’tmay, al-Qoidaga aloqador jangari guruhlar bir necha hujumlarni amalga oshirdi. AQSh terrorizmga qarshi kurashda Mali bilan hamkorlik qilmoqda, ammo armiya atrofidagi xavotirlar sababli orolga harbiy yordam ko’rsatishga shoshilmayapti.

Shu yil boshida Fransiya qo’shinlari tomonidan to’xtatilgan hujumlar qayta boshlandi. Islomiy jangarilar Malidagi Gao shahrini o’qqa tutdi. Obama ma’muriyati al-Qoidaga aloqador guruhga qarshi kurashayotganini aytmoqda.

“Al-Qoida va unga aloqador jangari guruhlar ustidan g’alaba qozonish Qo’shma Shtatlar uchun ushbu mintaqadagi ustuvor maqsaddir. Biz Fransiya harbiylariga ma’lumot va yuk yetkazish masalasida yordam bermoqdamiz”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Mari Harf.

Ammo Vashington Mali armiyasiga to’g’ridan to’g’ri ko’mak ko’rsatayotgani yo’q. Mamlakat armiyasi o’tgan yili hukumatni ag’darib, yangi saylangan prezidentning islohotlariga qarshi ekani bilan taniqli.

“Malida davlat institutlarini mustahkamlash va harbiylar ustidan fuqarolar nazoratini kuchaytirish maqsadida boshqa donorlar bilan birgalikda Mali hukumatiga ko’mak ko’rsatishda davom etamiz”, - deydi AQSh rasmiysi.

Harbiylar tomonidan inson huquqlarining toptalishi ham xavotirli hol, deydi “Human Rights Watch” tashkiloti vakili Sara Margon.

“Davlat to’ntarishi va undan keyin inson huquqlarining poymol qilinishi hollari ko’paydi. Aybdorlar jazolanishi kerak. Maqsadimiz shu”, - deydi u.

Margonga ko’ra, xavfsizlik sohasi alohida tashvishlarga sabab bo’lmoqda. Shuningdek, korrupsiyaning kengaygani ham. Prezident Bubajar Keyta islohotlarni amalga oshirishi kerak, deydi inson huquqlari faoli.

Mali prezidenti esa BMT minbaridan turib, ushbu muammolarni hal etajagi, biroq bu borada yordamga muhtojligini aytdi.

“Xavfsizlik haqida gapiradigan bo’lsak, ishonch va suverenitet o’rtasidagi muvozanat muammosi bor. Tahdidlar ko’lami shundayki, ularni hech qanday davlat bir o’zi bartaraf etolmaydi”, - dedi u.

Shimoliy Afrikada terrorizm tahdidi kuchayar ekan, Sahil mintaqasidagi barqarorlik ustuvor masalaga aylanmoqda, deydi AQShning Tinchlik instituti tahlilchisi Manal Umar.

“Liviyada qamoqdan qochish hollari qayd etildi. Tunis qamoqlaridan ham mahbuslar qochgan. Demak, hatto poytaxtlarda vaziyatni nazorat qilish qiyinlashayapti. Chegaralar nazoratini gapirmasa ham bo’ladi. Sahil masalasi, Mali bilan hamkorlik masalasida Liviya hukumati oldida qanday jumboq turganini tasavvur qilish qiyin emas”, - deydi Umar.

Liviyadan qochganlarning ayrimlari islomiy jangarilar, ular hozirda Mali shimolidagi vaziyatni beqarorlashtirmoqda. Ular saflari kengayishining oldini olish kerak, deydi ekspert.

Obama ma’muriyati esa Malida Fransiya qo’shinlari bilan hamkorlikni davom ettirar ekan, Mali rahbarlari bilan uchrashishni rejalamoqda. Taraflar terrorizmga qarshi kurash uchun harbiy yordamni qayta tiklash masalasini muhokama qiladi.