Alvido, Mandela

  • Amerika Ovozi

Nelson Mandela, ozodlik timsoli, global qahramon

Janubiy Afrikada irqchilikka qarshi kurashgan, erkinlik timsoliga aylangan Nelson Mandela 95 yoshida olamdan o’tdi. Mamlakatning ilk qora tanli rahbarini butun dunyo xotirlayapti.

AQSh prezidenti Barak Obama Mandelani tarixdagi eng jasur, odil va fozil farzandi, deya ta’rifladi.

Millionlar kabi o’zim ham undan ilhom olib yashadim, kelgusi avlodlar uchun ham Mandela namuna bo’lib qoladi, dedi Amerikaning ilk qora tanli prezidenti.

Vatani Janubiy Afrikada Mandela sharafiga bayroqlar tushirildi, mamlakat motamda. Uning dafn marosimida jahon rahbarlari va yetakchilar qatnashishi kutilayapti.

O’z yurtida oqlar istilosiga qarshi va tenglik uchun olishgan Nelson Mandela buning uchun salkam 30 yilni qamoqda o’tkazgan.

Ozod bo’lganidan keyin tinchlik, adolat va erkinlik timsoliga aylandi; uni jazolaganlar bilan murosaga bordi. 1994-yilda Janubiy Afrika prezidenti etib saylandi. 1993-yilda Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo’ldi.

Qamoqda paytida sil bilan kasallangan Mandela yillar o’tib shuning asoratidan qiynaldi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun so’zlariga ko’ra, Mandela o’z misolida xalqlar kelishib yashashi mumkin ekani, haqiqat va odamiylikka ishonib, zo’ravonliksiz maqsadga erishish mumkin ekani isbotladi.

Nelson Mandela (1918-2013)


Alvido, Mandela