"Men ham" ayollar harakati qanchalik sado berdi?

  • Amerika Ovozi

“Nyu-York Tayms” gazetasi bir yil oldin Gollivudning mashhur prodyuseri Xarvi Vaynstayn yillar davomida ayollarga, yosh aktrisalarga jinsiy tajovuz qilgani haqida katta maqola chop etgan edi. Shundan keyin minglab ayollar tajovuzga uchragani haqida ochiq gapirishni boshlab, “#MeToo”, ya’ni “Men ham” shiori ostida ommaviy kampaniya boshlanib ketgan. Oradan bir yil o’tib, bu harakat qanchalik aks-sado beryapti?

Your browser doesn’t support HTML5

"Men ham" harakatiga bir yil

“Muruvvat” gumanitar tashkiloti sakkiz davlatda o’tkazgan so’rovga ko’ra, erkaklarning to’rtdan biri ayol ishchilariga jinsiy nishon deb qaraydi.

“Misrda bu ko’rsatkichlar ancha yuqori, 62 foiz. AQShda har sakkiz erkakdan biri o’z ishchilariga jinsiy ko’z bilan qaraydi. Umuman olganda, bu global muammo darajasida”, - deydi tashkilot vakili Reychel Liman.

“#MeToo” (Men ham) harakati korporatsiyalar faoliyatiga ta’sir ko’rsatayotgani, investorlar muammo bir yoqli bo’lmaguncha sarmoya kiritishga ikkilanayotgani seziladi, deydi mutaxassislar.

“Korporatsiya boshqaruvidagilar ayollarga munosabat borasida ehtiyotkorroq, mas’uliyatliroq. Masalan, tashkilotlar o’z sha’ni, obro’si haqida qayg’ura boshlagan. Boshqaruv kengashida, umuman korxonalarda ayollar soni ortayotgani kuzatiladi. Tashkilotlardagi rang-baranglik ishlar to’g’ri yo’lga qo’yilishida poydevor bo’ladi”, - deydi konsultant Daviya Temin.

U 2015-yildan buyon jinsiy tajovuzda ayblangan mashhur, mansabdor shaxslar ro’yxatini tuzib keladi. Ro’yxatda hozir 723 ism bor.

AQSh Kongressi, mahalliy hokimiyatlar, qonunchilik organlariga saylanish niyatida yurgan ayol nomzodlar soni sezilarli darajada ortgan. Jinsiy tajovuzga qarshi “Men ham” harakati siyosiy o’zgarishlarga sabab bo’lishi mumkin.

“Bu harakat hokimiyatni, xususan boshqaruv rollaridagi ayol va erkaklar muvozanatini so’roqqa tutish jarayonini kuchaytiradi. Jamiyat boshqaruvida har ikki jins vakillarining ta’sirini tahlil qiladigan bo’lsak, ayollar muhim qarorlar chiqaradigan lavozimlarda emas”, - deydi sharhlovchi Kelli Ditmar.

Ba’zi amerikaliklar ayollar harakati ish berdi, degan fikrda.

“Qizimga qanday vaziyatlarda jim turmaslikni, o’zini qanday tutishni o’rgatyapman. Menga bo’lgan ta’siri shu”, - deydi Yuta shtatida yashovchi Tereza Barndt.

“Ayollarga bunday munosabat jamiyatning qon-qoniga singib ketibdi. Bu harakat ko’zimni ochdi”, - deydi Arizonadan Erik Vinsent.

“Ilgari bunday gaplarni gapirib bo’lmasdi. Endi odamlar ogohroq, ehtiyotkor bo’ladi. Harakatning boshlangani jamiyat uchun manfaat keltiradi”, - deydi Yuta shtatidan Abbi Butikofer.

Xotin-qizlarga tajovuz va zo’ravollikka qarshi AQSh ayollari boshlagan nozorilik harakati dynyo bo’ylab ta’sirini ko’rsatyapti.

“Butun dunyo ayollari tengsizlik, qaqshatqich nochorlik, zo’ravonlik bilan yuzlashmoqda. Muammo chuqur”, - deydi Reychal Liman.

“Muruvvat” tashkiloti ayollar uchun xavfsiz muhit yaratishni Misrdan boshlagan. Bu yerga maxsus vagonchalar, treningdan o’tgan haydovchilar keltirilgan. Lekin “Men ham” harakati yana qancha davom eta oladi?

“Har narsaning chegarasi bor. Adolatsizlikka chidab o’tirmasdan gapirish kerak, - deydi Daviya Temin.

“Har bir ayol uchun qaror qilish vaqti keladi. Men o’zim xohlaganday munosabat bildira olganmanmi? Yo’q, qo’rqqanman. Endichi? Hali ham qo’rqamanmi? Albatta. Og’zimni yopadiganlar topiladi”, - deydi Illinoys shtatidan Xiba Chitani.

Ayollar erkinligiga qarshilik mavjud ekan, xotin-qizlar jinsiy tajovuz yoki zo’ravonliklardan xoli bo’lishiga hali ancha bor.