Yaqin Sharqda islomiy guruh hujumida uch amerikalik harbiy halok bo’lishi ketidan bugun AQSh Iroq va Suriyada Eron tomonidan quvvatlanuvchi jangari manzillariga havodan zarba berishni boshladi. Ayrim qonunchilar mintaqada vaziyatning keskinlashishidan xavotirda.
Your browser doesn’t support HTML5
"Yaqin Sharqda xavfli vaziyat yuzaga kelmoqda. Kattaroq mojaroning oldini olishga harakat qilamiz. Ammo AQSh, uning xalqi va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralar ko’riladi. Qachon, qayerda va qanday zarba berishni o’zimiz hal qilamiz”, - degan edi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin sal avval bergan bayonotida.
AQSh hisobiga ko’ra, XAMASning 7-oktabrda Isroilga hujumi va Isroilning G’azoda harbiy harakatlari ketidan Eronga xayrixoh jangari guruhlar AQShning Iroq, Suriya va Iordaniyadagi harbiylarini 166 marotaba nishonga olgan.
AQSh ham bir necha bor javob zarbalarini berdi, biroq guruhlar bo’sh kelmoqchi emas. Ayrim amerikalik qonunchilar Eronning o’ziga hujum qilishni taklif etyapti.
“Birorta tahdid javobsiz qolmaydi. Biz urush tarafdori emasmiz, ammo urushdan qo’rqmaymiz, undan qochmaymiz”, - deydi Eron islomiy inqilob posbonlari korpusi qo’mondoni general Husayn Salomiy.
“Yaqin Sharqda urush kuchayib bormoqda. AQSh unga tobora ko’proq kirishib ketyapti. Kongress qurolli kuchlarga Yaqin Sharqda urush boshlashga ruxsat bermagan. Qonunchilar ushbu mavzudagi muhokamani tezroq boshlashi kerak deb o’ylayman”, - deydi demokrat-senator Tim Keyn.
Ba’zi qonunchilar qattiqroq chora ko’rishga chaqirmoqda.
“Harbiylarimizga hujum qilganlar, amerikaliklar hayotini xavf ostiga qo’yganlar bilsinki, o’z fuqarolarimiz va qo’shinlarimizni himoya qilish uchun barcha choralarni ishga solamiz, ularga qarshi hujumlarga ko’z yummaymiz”, - deydi yana bir demokrat-senator Jo Manchin.
Respublikachi qonunchilarga ko’ra esa Bayden ma’muriyatining siyosati Erondan taralayotgan tahdidlarni kuchaytirmoqda.
“Uch yil davomida Eronga xayrixoh terror guruhlarining Yaqin Sharqdagi harbiylarimiz va manfaatlarimizga tahdidlari kuchayib bordi. Eron bundan jasoratlandi va proksilari orqali Amerikaga hujum qilib, jazosiz qolaman deb o’ylayapti. Bayden ma’muriyati g’animlarni hujumga jasorat qilmaslik salohiyatiga putur yetkazmoqda. Uning eskalatsiyadan qo’rqishi Tehronga noto’g’ri signal yubormoqda”, - deydi respublikachilarning Senatdagi lideri Mitch Makkonel.