YAMAN
Yaman xavfsizlik xizmati rasmiylarining bildirishicha, janubdagi Abiyan viloyatida hukumatga qarashli samolyot adashib tashlandiq maktabni bombardimon qilgan. Ammo bu payt Zinjibar shahridagi maktabda zobitlar bo'lgani ma'lum bo'ldi. Natijada bir necha askar nobud bo'lgan. Sal o'tmay esa jangarilar ham maktabga hujum qilib, yana bir nechtasini o'ldirgan. Jami 25 harbiy halok bo'lgan.
LIVIYA
Liviyada muvaqqat hukumat Muammar Qaddafiyga sodiq kuchlar nazorati ostidagi Sirta shahri qarshiligini yengishga harakat qilar ekan, shaharni tark etayotgan oila ikki tomon hujumi qurboni bo'lgan. Ular ketayotgan mashinaga snaryad tushgan.
Bu o'rtada Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi qamaldagi Sirtaga shanba kuni kirishga muvaffaq bo'lgan. Ular gumanitar ahvolni o'rganmoqda. Tashkilot vakilining bildirishicha, ayrim kasalxonalarda tibbiy anjomlar yetishmayapti, shaharda ichimlik suvi, gigiyena predmetlari va oziq-ovqat tanqis.
SURIYA
Suriya muxolifati prezident Bashar al-Assad hukumatiga qarshi kurashish uchun Turkiyaning Istanbul shahrida milliy kengash tuzgan. Unga barcha muxolif guruhlarni taklif qilish ko'zda tutilgan. Suriyaning Rastan shahrida esa bir necha kunlik to'qnashuvlardan so'ng bugun ahvol ancha tinch. Hukumat qo'shinlari jangarilar va armiyadan qochib ularga qo'shilgan askarlarga qarshi jang qilib, shaharni qayta ishg'ol qilgan. Assad hukumatiga qarshi olti oylik g'alayonlar va ularning bostirilishi oqibatida mamlakat bo'ylab BMT hisobiga ko'ra, salkam 2700 odam o'lgan.