Breaking News

Yaman muxolifati - yoshlar, harbiylar va qabilalar orasidagi tarqoqlik


Muxolifat kuchlari tarafiga ayrim nufuzli qo'mondonlar ham o'tgan. Ular ham prezident Solihning iste'fosini talab qilib namoyishlarga chiqdi. Sano. 4-oktabr, 2011 yil.
Muxolifat kuchlari tarafiga ayrim nufuzli qo'mondonlar ham o'tgan. Ular ham prezident Solihning iste'fosini talab qilib namoyishlarga chiqdi. Sano. 4-oktabr, 2011 yil.

Yamanda prezident Ali Abdulla Solihga qarshi namoyishlarga yosh faollar yetakchilik qilmoqda. To’qqiz oy oldin boshlangan namoyishlar bugun butun mamlakatga tarqalgan. Lekin yoshlarning muvaffaqiyatiga to’g’anoq bo’layotganlar yo’q emas. Qizig’i shundaki, ulardan ba’zilari – hukumatga muxolif kuchlar vakillari.

Yaman yoshlarining maqsad va istaklari ravshan. Ular Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning boshqa mamlakatlari kabi “Arab bahori” Yamanga kelsin, bizda ham demokratiya qaror topsin deydi. Odil Abdu Arabiya – yoshlar harakati faoli:

“Asosiy maqsadimiz - zamonaviy fuqaroviy jamiyat barpo etish, - deydi faol. - Buning uchun Yaman rahbari hokimiyatdan voz kechishi kerak”.

Bu fikrga amaldagi prezident Solihga muxolif boshqa guruhlar ham qo’shiladi. Ammo ular, yoshlar harakatidan farqli o’laroq, Yamanning kelajakda dunyoviy davlat bo’lishini istamaydi.

Qabila yetakchilari
Qabila yetakchilari

Yamanlik jurnalist Nosir Arabiy fikricha, hukumatdan yuz o’girib, muxolifat tarafiga o’tgan qo’mondonlar va Solihga qarshi chiqayotgan qabilalarning yetakchilari yoshlarning namoyishlaridan foyda ko’rmoqda.

”Demokratik kuchlar nihoyatda zaif. Ular kuchliroq bo’lganida, allaqachon muvaffaqiyatga erishgan bo’lardi. Mana to’qqiz oydan beri hech jiddiy o’zgarish yo’q. Nimaga? Chunki mamlakat azaliy raqobat ichida… Qabila yetakchilari va muxolifat tarafiga o’tgan qo’mondonlar ham hokimiyatga intilmoqda”.

Prezident Solihning hokimiyatdan ketishi haqidagi talablarga ochiqchasiga qo’shilgan qo’mondanlar orasida general-mayor Ali Muhsin va uning rahbarligidagi qurolli kuchlar, shuningdek Ahmar sulolasi namoyondasi Abdul Hamid al-Ahmar bor. Ammo ularning maqsadi – harbiy davlat barpo etishdir. Namoyishlar yetakchisi Odil Adu Arabiya buni yaxshi tushunadi.

Namoyishchilar tomonga o'tib ketgan askarlar endi ularni qo'riqlamoqda
Namoyishchilar tomonga o'tib ketgan askarlar endi ularni qo'riqlamoqda

“Harbiylar va biz, yoshlarni birlashtirgan birgina maqsad - prezidentni hokimiyatdan ag’darish. Harbiylar Yaman dunyoviy davlat bo’lishini istamaydi”, - deydi faol.

Harbiylarning namoyishlar paytidagi zo’ravonliklari demokratik kuchlarga putur yetkazdi.

Oddiy odamlar orasida inqilob degani faqat tartibsizlik ekan, deganlar ko’paymoqda.

Odil Abdu Arabiya bunga shunday izoh beradi:

”Yoshlar harakatining asosiy tamoyili – namoyishlarni tinch yo’l bilan o’tkazishdir”, - deydi faol.

Jurnalist Nosir Arabiy fikricha esa asosiy muammo – faol yoshlarning kamligi.

"Yoshlar hech narsaga erisholmaydi, chunki ular ozchilik. Namoyishchilar orasida haqiqatan mustaqil odamlar juda kam”.

Yaman bo’yicha taniqli amerikalik mutaxassis Stiven Steynbeyzer nazarida esa mustaqil fikrlash va harakat qilish yamanliklarning qonida bor.

“Yamanliklar hukmdorlarga hurmat bilan qaraydi, ammo ayni vaqtda taqdirim o’z qo’limda, deb hisoblaydi. Bu esa Yamanda demokratiya qaror topishida mustahkam asos bo’la oladi”, - deb hisoblaydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG