Yaman matbuotining yoritishicha, mamlakatning neftga boy Marib viloyatida qabilaviy jangarilar o'zbekistonlik shifokorni garovga olgan.
G'arbda asoslangan "Reuters" axborot agentligi ham shunday xabar tarqatdi.
Sano shahriga olib boradigan yo'lda o'g'irlangani taxmin qilinayotgan shifokorning ism-sharifi ma'lum emas.
Shimoli-sharqiy mintaqa bo'lgan Maribda qabilalar azaldan markaziy hukumatga bo'ysunmay keladi. Ular o'z qurolli kuchlariga ega.
Ali Abdulla Solih boshchiligidagi hukumat o'zbekistonlik shifokor taqdiri haqida biror bayonot bermagan.
Yaman Ichki ishlar vazirligi arab gazetalariga qisqa ma'lumot berib, shifokor al-Avamira qabilasi qo'lida ekani va uning evaziga jangarilar qamoqdagi sheriklari ozod etilishini talab qilishi mumkinligini aytgan.
Chet elliklarning qabilaviy kuchlar tomonidan o'g'irlanishi Yamanda tez-tez uchrab turadigan holat.
Hadramaut viloyatida shu yilning may oyida uch fransuz ishchi garovga olingan edi. Ular uchun 20 million dollar so'ralgan.
"Yemen Post" gazetasining norasmiy manbalarga asoslanib bildirishicha, mahbusga biror jarohat yetmagan.
Bu orada, prezident Ali Abdulla Solih Fors ko’rfazi hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar bilan muzokaraga tayyor ekanini aytmoqda. U hokimiyatni muoviniga topshirish to’g’risida AQSh elchisi bilan gaplashgan.
Abdulla Solih bunday va’dalarni avval ham bergan edi, kamida uch marotaba fikridan qaytgan. Reja shundan iboratki, prezident bir oy ichida iste’fo bersa unga hech kim tegmaydi, sudga tortilmaydi.
Yamanda raqib kuchlar sulhga erishganidan bir kun o’tib, bugun poytaxt Sano va Taiz shaharlarida yana qattiq otishma kuzatilgan. Kecha 10 kishi halok bo’lgan edi.