Breaking News

Saudiya Arabistoni Yamanda nimani ko'zlamoqda?


Sanodagi namoyishlarni al-Saud qirolligi diqqat bilan kuzatmoqda
Sanodagi namoyishlarni al-Saud qirolligi diqqat bilan kuzatmoqda

Yamandagi notinch vaziyatdan qo’shni Saudiya Arabistoni sarosimada. “Arab bahori”, dunyoning bu qismida hukumatlarga qarshi tinimsiz namoyishlar, al-Saud qirolligi nazarida, nafaqat uning tinchligi balki butun mintaqa barqarorligiga tahdid solmoqda.

Yamanda demokratik kuchlar namoyondasi Odil Abdu Arabiya deydiki, mamlakat yoshlari Saudiya Arabistoniga shubha bilan qaraydi.

Faol fikricha Saudiya Arabistoni Yamanda demokratik, fuqaro boshqaruvidagi jamiyat barpo etmoqchi bo’lganlarni hech qachon tushunmaydi.

“Al-Saud qirolligi Yaman prezidenti Ali Abdulla Solihni qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi faol.

Bu fikrga Sanodagi mustaqil jurnalist Tom Finn ham qo’shiladi.

Qirol Abdulla
Qirol Abdulla

“Yamanning “arab bahori”ni boshdan kechirgan boshqa mamlakatlardan farqi shunda-ki, bu xalq Ali Abdulla Solih Saudiya Arabistoniga tayanishini yaxshi biladi. Saudiya Arabistoni esa juda katta qudratga ega.”

Al-Saud qirolligi demokratik o’zgarishlarga qarshi ekanini yashirmaydi.

Tunis va Misrda hokimiyatdan ag’darilgan rahbarlar undan yordam oldi. Bahraynda norozilik namoyishlari avj olganida, ularni bostirish va hukumatni qo’llab-quvvatlash maqsadida Saudiya Arabistoni u yerga o’z tanklarini kiritdi.

Ali Abdulla Solih, Yaman rahbari
Ali Abdulla Solih, Yaman rahbari

Yamanga kelganda esa Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlar o’zgacha yo’l tutmoqda. Fors Ko’rfazi Hamkorligi Tashkiloti Solihni hokimiyatdan ixtiyoriy ravishda ketkazish rejasini ishlab chiqdi.

Solih esa unga rasman yo’q demasa-da, bu taklifga bosh egishga shoshilmayapti.

Yaman bo’yicha yetakchi ekspert Stiven Steynbeyzer fikricha, Riyod Sanoga nisbatan o’z ta’sir kuchini saqlab qolishga urinmoqda. Hokimiyat yangilanib, kim rahbarlikka kelsa ham, bu jamiyat tezlikda oyoqqa tura olmaydi. Zaif Yaman esa Saudiya Arabistoni uchun ayni muddao, deydi siyosatshunos.

Stiven Steynbeyzer tahlilicha, ikki davlat o’rtasidagi munosabatni belgilovchi yana bir omil – Saudiya Arabistonidan haydab chiqarilgan Al-Qoida a’zolarining Yamandagi terrorchilar bilan birlashgani.

Namoyishchi ayolning qo'lidagi yozuv: "Qonimiz inqilob uchun kuch beradi"
Namoyishchi ayolning qo'lidagi yozuv: "Qonimiz inqilob uchun kuch beradi"

”Hozirga kelib al-Saud qirolligi bir narsani tushunib yetdi: terrorizm va fundamentalizm – jiddiyroq va dolzarbroq muammodir”.

Yaqin Sharqdagi beqaror vaziyat nafaqat Al-Qoidaga, balki arab mamlakatlarida o’z nufuzini va ta’sirini kuchaytirishga intilayotgan Eronga ham qo’l kelmoqda. Bu o’yinda u hozircha ochiqchasiga ishtirok etmayotgan bo’lsa-da, Tehron siyosati sharqda ham, g’arbda ham birdek tashvish uyg’otishi aniq.

“Eron Yamandagi o’yinga qo’shilmoqchi bo’lsa, Ko’rfaz davlatlari bundan tashvishlanib, vaziyatga albatta aralashadi va Saudiya Arabistoni ularni qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi tahlilchi Stiven Steynbeyzer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG