Yaqin Sharq tinchlik muzokaralari Quddusda davom etyapti

Amerika Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klintonning aytishicha, Isroil va Falastin rahbarlari Yaqin Sharq mojarosi negizida yotgan masalalarni jiddiy muhokama qilishga kirishmoqda.

Biroq Misrning Sharm al-Shayx dam olish maskanida o’tgan uch tomonlama uchrashuv biror natija bermagan. Bugun muhokamalar Quddusda davom etmoqda.

AQShning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakili Jorj Mitchell nazarida, ikki hafta oldin Vashingtonda boshlangan muloqot ko’ngildagidek o’tyapti. Fikrlar bir joydan chiqyaptimi-yo’qmi, bunisi hozircha qorong’u.

Mitchell Sharm al-Shayx mehmonxonasida o’tgan muhokamalarni “jiddiy va samimiy” deb ta’riflaydi.

Tomonlar bir yil ichida bo’lajak Falastin davlati chegaralari, Isroil uchun xavfsizlik kafolati, Quddus maqomi hamda falastinlik qochqinlar taqdiri bo’yicha murosaga kelishi kerak.

26 sentyabr kuni G’arbiy sohilda Isroil hukumati joriy etgan 10 oylik moratoriy nihoyasiga yetadi. Bu degani, yahudiylar uchun uy-joy qurilishi qayta boshlanishi va natijada falastinliklar muloqotni tark etishi mumkin.

“Tinchlik muzokaralari konstruktiv o’tayotganini hisobga olib, moratoriy muhlati uzaytirilsa maqsadga muvofiq bo’lardi”, - deydi AQSh elchisi Jorj Mitchell.

“Bu Isroil uchun nozik masala ekanini tushunamiz. Falastindan ham keskin qarorlardan tiyilishni so’raymiz”.

Yahudiy davlati bosib olingan yerlarda qurilishni butunlay to’xtatishga rozi emas, ammo hozirda minglab imoratlar haqida gap ketmayapti.

Misr Tashqi ishlar vaziri Ahmad Abul G’aytning ta’kidlashicha, qurilish masalasi muzokarada hal qiluvchi masala bo’lib turibdi.

“Xalqaro vositachilar, jumladan arab dunyosi Isroil buning ahamiyatini tushungan holda, xayrixohlik namoyish etadi degan umidda”.

Misr vaziri bu murakkab masala ekanini tan oladi. Bu Isroil koalitsion hukumati uchun ham sinov.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning safdoshlari agar qurilish davom etmasa koalitsiyani tark etish haqida ogohlantirgan.