Musulmon olamida Amerikaga qarshi namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Yamanda namoyishchilar AQSh elchixonasiga hujum qildi. Sano, 13-sentabr.

Liviyada AQSh vakolatxonasiga hujum va elchi Kristofer Stivens o'limidan ikki kun o'tib, Yaqin Sharq va Osiyo janubi-sharqida Amerikaga qarshi namoyishlar alanga oldi. Odamlar islomni haqorat qiluvchi filmdan g'azabda.

Yaman poytaxti Sanoda yuzlab fuqarolar Qo'shma Shtatlar elchixonasiga bostirib borgan.

Omma diplomatik avtomobillarga o't qo'yar ekan, soqchilar ularni haydash uchun suv qo'llab, havoga qarata o'q uzgan. Bir necha kishi jarohat olgani ma'lum. Sanodagi bino puxta muhofaza qilingan, deydi rasmiylar.

AQShda ishlanib, Muhammad payg'ambarni masxara qiluvchi film Qohira, Tehron, Bag'dod va Dakkada ham chiqishlarga turtki bergan.

Bag'dodda namoyishchilar "Isroilga yo'q", "Amerikaga yo'q" deya hayqirib, bayroqlarni yoqqan.

Davlat kotibasi Xillari Klinton videoni "nojo'ya", "xunuk" deya ataydi.

"Uning maqsadi oliyhimmat dinni izza qilish va g'azab uyg'otish ekani muqarrar", - deydi vazira.

Lekin Vashington bayonotlari namoyishlarni tinchlantirishga ojizlik qilmoqda.

Misr poytaxti Qohirada, Amerika elchixonasi yonida chiqishlar davom etib, politsiya qariyb 200 kishi, asosan, yoshlarni tarqatish uchun ko'zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangan.

Misr rahbari, Bryusselga safar qilayotgan Muhammad Mursiy filmda musulmonlar nishonga olinganidan afsusda.

U, shu bilan birga, elchixonalarga hujumlarni qoralamoqda. Misrda xorij fuqarolari xavfsizligini ta'minlashga va'da beraman, deydi prezident.

AQShning Afg'oniston va Yamandagi sobiq elchisi Ronald Nyuman "Amerika Ovozi" bilan suhbatda namoyishchilar film va Vashington pozitsiyasini ajrata olmayapti, deydi.

"Film Amerika emas. Amerika hukumati emas bu. AQShda yashirinib olib, davlatning musulmon dunyosi bilan aloqasini buzmoqchi bo'lgan mayda guruh ishi bu", - deydi sobiq elchi.



Qo'shma Shtatlar va Liviya rahbariyati elchi Kristofer Stivens va uch diplomat o'limiga yetaklagan hujumlarni tergov qilmoqda.

Ichki xavfsizlik vazirasi Janet Napolitano so'zlariga ko'ra, film "yanglish va asossiz"dir, biroq zo'ravonlikni ham oqlab bo'lmaydi.

Amerika dunyoning turli burchaklarida diplomatik idoralari xavfsizligi oshirishga kirishgan.

Vashington Liviyaga xavfsizlik bo'linmalarini safarbar etib, amerikaliklarni himoya qilishni va hujumga javobgarlarni topishda yordam berishni buyurgan.

Razvedka hamlaga al-Qoida bilan bog'liq Ansar al-Sharia jangari guruhi aloqador degan taxminlarni o'rganmoqda. Hozircha aniq dalil yo'q, deydi agentlar. Jangarilar kechagi bayonotida hujumda qo'li borligi haqidagi da'volarni inkor etgan.

Yaqin Sharqda Amerika vakolatxonalari hujumga uchradi