4-noyabr kuni amerikaliklar Kongressga yangi a’zolarni saylaydi. Prezident Barak Obamaning Oq uydagi so’nggi ikki yili qanday o’tishi ana shu saylov natijasiga bog’liq. Respublikachilar Senatni qo’lga olish uchun prezidentni va uning siyosatini tinmay tanqid qilayapti.
Your browser doesn’t support HTML5
Respublikachilar nazoratidagi Vakillar Palatasida 435 o’rinning barchasi, Senatda esa 33 o’rin uchun kurash ketmoqda.
Bir jihatdan, bu Obamaning so’nggi saylov kampaniyasi. Demokrat prezident Senatni boy berib qo’ymaslik uchun partiyadoshlariga yordam berishi kerak.
“Byulletenda mening ismimni ko’rmaysiz. Lekin biz olg’a surib kelayotgan islohot va dasturlarning barchasi xalq hukmiga havola etiladi”, - deydi Obama.
Muxolifat televideniyega berayotgan siyosiy reklamalarning bosh mavzusi ham Obama.
“Uning siyosatiga baho bering. Terrorchilar AQSh zaminiga qadam bosmasin desangiz, Respublikachilar partiyasini tanlang”, - deyiladi reklamada.
Millionlab dollar sarflanayotgan asosiy poyga maydoni bu - Shimoliy Karolina shtati.
Obamaning xalq orasida reytingi past ekani respublikachilarga qo’l kelayapti. Ko’plab demokratlar prezidentdan nariroqda yurishni afzal ko’radi, deydi siyosiy tahlilchi Jon Fortier.
“Birinchidan, prezident muddatining o’rtasida o’tadigan saylovlarda odatda uning partiyasi yutqazadi. Ikkinchidan, hozir Obamadan rozi fuqarolar kam, 40-42 foiz atrofida”, - deya qayd etadi ekspert.
Saylov Kongress a’zolari uchun bo’lsa-da, ko’pchilik Obamaning ishiga qarab ularga baho beradi, deya tushuntiradi tadqiqotchi Karlin Bouman.
“So’rovlarda har 10 amerikalikdan olti nafari Obama ularning ovoziga ta’sir etmasligini bildirgan. Ammo qolganlar uning timsolidagi Demokratik partiyaga qarshi ovoz bermoqchi”, - deydi Bouman.
Respublikachilarga nisbatan xayrixohlikni oshirayotgan mavzular - Ebola virusi atrofidagi vahima, Yaqin Sharqda ekstremistlar vahshiy jinoyatlar sodir etayotgani hamda Amerikaning o’zidagi iqtisodiy muammolar.
“Tashqi siyosiy, iqtisodiy muammolar vaqtincha bo’lsa ham respublikachilarga qo’l kelyapti. Lekin saylovdan keyin respublikachilar albatta yechimlar bilan, yangi g’oyalar bilan chiqishi kerak bo’ladi”, - deydi tahlilchi Maykl Baron.
Aksar ekspertlar muxolifat Senatda ham ustunlikni qo’lga oladi degan fikrda. Respublikachilar Vakillar palatasi hamda Senatda ko’pchilik bo’lishi prezident Obamaning biror tashabbus bilan chiqishini qiyinlashtiradi.
Yuqori palatada ko’pchilik bo’lish uchun respublikachilarga atigi oltita o’rin zarur. So’rovlar natijasiga qaraganda saylov oldidan ko’plab shtatlarda respublikachi nomzodlar oldinda.