Yevropa Ittifoqiga a'zo va a'zo bo'lmagan davlatlar O'rta dengizda inson savdosiga qarshi kurashish uchun endi ko'proq vakolatga ega.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida qabul qilingan rezolyutsiya bunday jinoyatda gumon qilingan kemalarni tekshirish va musodara qilish huquqini beradi. Kuch qo'llanishi ham mumkin.
Britaniyaning BMTdagi elchisi Metyu Raykroft so'zlariga ko'ra, bu choralar asosan inson savdogarlariga qarshi qaratilgan. Dengizda migrant va qochqinlarga duch kelinsa, ular qoidaga binoan, Yevropaga olib kelinadi.
Ma'lumki, Yevropa davlatlari uzoq tortishuvlardan so'ng minglab qochqinlarni taqsimlab olishga kelishgan edi. Ana shu reja asosida kecha bir guruh qochqinlar samolyotda Italiyadan Shvetsiyaga ko'chirilgan.
"Atigi 19 odam ko'chirilgan bo'lsa-da, Yevropa muammoni birgalashib hal qila olishidan nishona bu", - deydi Lyuksemburg Tashqi ishlar vaziri Jan Asselborn.
Qochqinlarni qabul qilgan mamlakatlar Yevropa jamg'armasidan yordam oladi.