Qurolli kuchlar safiga qo'shilgan ukrain ayollari

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Jamiyatning turli qatlamlaridan bo’lgan ukrainalik ayollar o’z uylarini, vatanlarini himoya qilish uchun qurolli kuchlar safiga qo’shilgan.

"Avvaliga hammasi qo'rqinchli, mavhum, keyin barcha hissiyotlaringni unutib, faqat ishni o'ylaysan", - deydi hamshiralik qilayotgan Valentina.

U go'zallik salonidagi ishini tark etib, Ukraina armiyasiga qo'shildi. Bugun u yarador askarlarga qaraydi, ularning shifoxonaga joylashishiga ko'maklashadi. Valentina bir yil davomida frontning old chizig'ida bo'lgan.

"Do'stlarimni yo'qotishdan qo'rqaman, yaqin do'stim o'tgan oy halok bo'ldi, yana biri asirlikda. Biz bilan birga ishlagan bir qiz esa bir hafta o'tib raketa zarbasi ostida qoldi. Bularni hammasidan qutulishni, dam olishni istayman, ammo buni faqat g'alabamizdan keyin qilishim mumkin", - u.

Valentina frontda o'zining yangi yaqin do'stiga aylangan 29 yoshli Yuliya bilan tanishdi.

"Do'stlarimning hammasi ajoyib. Qurollli kuchlar safiga qo'shilganimda bosim bo'lishi mumkinligidan xavotirim bor edi. Lekin bunday emas, do'stlarim meni qo'llab quvvatlashadi", - deydi Yuliya.

Serjant Annaga ko'ra, qurolli kuchlarda erkaklarga qanday munosabat bo'lsa, ayollarga ham xuddi shunday.

"Ayollar uchun alohida imtiyoz yo'q, qizlarimiz yigitlar qatori okoplarda jang qilishga, yerda uxlashga, bir kosadan ovqatlanishga tayyor, bu normal holat", - deydi Anna.

Anna 2015-yilda, 18 yoshida armiya safiga qo'shilgan. 2018-yilda armiyadan bo'shab, turmushga chiqdi, farzandli bo'ldi.

2022-yil Rossiya bostirib kirar ekan, uch yoshli o’g’lini himoya qilish uchun yana armiyaga qaytdi.

"24-fevral kuni portlash ovozida uyg'ondim, urush boshlanganini darhol tushundim. O'g'lim yonimda uxlab yotardi, bu juda qo'rqinchli, hayajonli edi", - deb eslaydi u.

Valentinaning farzandlari yo'q, ammo barcha bolalarining xavfsizligi uchun kurashmoqda.

"Gap mening kelajagim, bo'lg'usi farzandlarim, oilam haqida ketmoqda. Bizni uzoq yillarga yo'qotishmoqchi. Biz bo'lmasak, kim Ukrainani himoya qiladi?", - deydi u.

Urush tugagach, Valentina kitob do'koni ochish, Yuliya o'zining shaxsiy tatu salonini ishga tushirish, Anna esa uch yoshli farzandi, oilasi bag'riga qaytish orzusida yashamoqda.