AQShning Minneapolis shahrida uchinchi kundirki namoyishlar tinmayapti. Qora tanli shaxs politsiya qo’lida halok bo’lganidan g’azablangan omma politsiya idorasi va boshqa binolarga o’t qo’ygan.
Your browser doesn’t support HTML5
Mobil telefonda yozib olingan videoda 46 yoshli Jorj Floyd yerda yotganini, oq tanli politsiyachi uning bo’yniga tizzasi bilan bosib turganini ko’rish mumkin. Floydning “nafas yetmayapti” degan hayqiriqlariga u e’tibor bermaydi.
29-may holatiga ko’ra, 170 dan ziyod do’konlar taloj-taroj qilingan, binolarga o’t qo’yilgan. Minnesota shtati gubernatori Tim Volz Milliy Gvardiyani yordamga chaqirdi. 500 askar va zirxli mashinalar Minneapolis va atrofdagi hududlarga safarbar etilmoqda.
Politsiya ma’lumotlariga ko’ra, Jorj Floyd soxta kupyuralarni ishlatganlik gumoni bilan hibsga olinayotganda qarshilik ko’rsatgan. Uning “nafas yetmayapti” degan iltijolari Nyu-Yorkda 2014-yilda ro’y bergan voqeani yodga solmoqda. O’shanda ham afro-amerikalik shaxs o’xshash holatda vafot etgan va bu mamlakat bo’ylab politsiyaga qarshi norozilik aksiyalariga turtki bergan edi.
Floydni qo’lga olishda qatnashgan to’rt politsiyachi ishdan bo’shatilgan. Uning o’limi bo’yicha tergovda Federal qidiruv byurosi ham qatnashyapti.
Prezident Donald Tramp tekshiruvni tezlashtirishga chaqirmoqda. U Floydning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirib, adolat ta’minlanishini aytmoqda.
Prezident shahar rahbariyatini zaiflikda ayblab, “talonchilik va otishmalar boshlansa, nazoratni o’zimiz qo’lga olamiz”, deb yozgan. “Twitter” kompaniyasi bu yozuvni zo’ravonlikni ulug’lashga doir qoidalarga zid deb topib, Trampning tvitini o’chirib qo’ydi.
“Odamlarni turli yo’llar bilan hibsga olsa bo’ladi, lekin hech bir politsiya akademiyasida tizzani bo’yinga qo’yish o’rgatilmaydi. Chunki bu usul nafas olishni, arteriyani to’sadi. Boshqa politsiyachilar bunday taktika qo’llanganidan hayratda”, - deydi Chak Veksler, Politiya ijtimoiy tadqiqotlar forumi nomli tashkilot rahbari.
Mahalliy rahbarlar aholini tinchlanishga, tergov yakunlanishini kutishga undamoqda. Minneapolisda ayrimlar politsiyadan g’azablansa-da, odamlar nega o’z mahallalarini talon-taroj qilayapti, deya taajjubda.
Politsiyaga qarshi namoyishlar Nyu-York, Kolorado, Kaliforniya va Nyu-Meksiko shtatlarida ham bo’lib o’tgan.
Jorj Floydning o’limi xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortdi. BMTning Inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Mishel Bachelet AQShda so’nggi bir necha yilda politsiya qaramog’ida vafot etgan qora tanlilarning ismlarini birma-bir qayd etib deydiki, adolat ta’minlanishi kerak.
“O’tmishda bunday tergovlarning aksariyati qotillik mujmal sabablar bilan asosli deb topilishi bilan yoki ma’muriy choralar ko’rilishi bilan yakunlangan”, - deydi Bachelet.
BMT rasmiysiga ko’ra, Qo’shma Shtatlarda irqchilik “chuquq o’rnashib olgani va keng tarqalgani” tan olinishi va hal etilishi lozim, biroq zo’ravonlik va talonchilik muammoni hal qilmaydi.
Minneapolisda aholining taxminan 20 foizi afro-amerikalik, 64 foizi oq tanli.