Ayrim faollar Prezident Mirziyoyevni ekstremizmga qarshi kurashda karimovcha usuldan voz kechmaslikka chaqirmoqda. Marhum Islom Karimovning ekstremizmga qarshi kurash siyosati minglab namozxonlarning qamoqqa tashlanishi, minglab o’zbekistonliklar qochqinlikka tutilishi, oddiy fuqarolarning Andijonda otilishi bilan yakunlandi.
Mirziyoyev yetakchiligidagi yangi hokimiyat dindorlarga nisabatan siyosatini o‘zgartirdi, “qora ro’yxat” oqlandi, afv e’lon qilindi, diniy mahkumlar qamoqdan ozod etilmoqda. Bu bayonot mamlakat Karimov davridagi repressiyalar asoratidan bosqichma-bosqich xalos bo’layotgan bir paytda kuzatilmoqda. Ammo ayrimlar diniy kayfiyatdagi guruhlarning faollashayotganidan, ular butun jamiyatga o'z qarashlarini o'tkazishga urinayotganidan xavotir bildirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Marhum prezident Islom Karimovning diniy ekstremizga qarshi kurash usuli o’ta samarali ekanligi haqida “Sputnik” nashri rossiyalik ekspertlarga tayanib xabar berdi.
“Men marhum Islom Karimovning muxlisiman, u mamlakat uchun ko’p ish qildi, uning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash usuli o’ta samarali edi. Umid qilamanki, O’zbekistonning yangi rahbariyati ham bu kurash usullaridan voz kechmaydi”, - deydi bu nashrga bergan intervyusida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoni o’rganish instituti direktori Semen Bogdasarov.
Bu bayonot O’zbekistondagi yangi rahbariyat, Prezident Shavkat Mirziyoyev dindorlarga nisbatan Karimov davridagi repressiv siyosatdan xalos bo’lishga intilayotgan bir paytda kuzatilmoqda. Mirziyoyev hokimiyatga kelishidan so’ng diniy ulamolar, jamoatchilik bilan muloqotga kirishdi, “qora ro’yxat”ga tushgan, adashgan dindorlarga nisbatan afv e’lon qildi, diniy motivlar bilan qamalgan mahkumlar qamoqdan ozodlikka chiqa boshladi, hukumatni namozxonlarga nisbatan keskin siyosatida nisbatan iliqliklar boshlandi.
Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning Karimovcha usuliga qaytish namozxon o’zbeklarga nisbatan qatag’onlar boshlashga chaqiriqdek baholanmoqda.
Karimov davridagi diniy tazyiqlar bois O’zbekistonni tark etgan faollardan biri Akmal Nabiyevga ko’ra, ekstremizmga qarshi kurashning karimovcha usuli dunyoda o’zbek terrorizmi degan atamaning paydo bo’lishiga xizmat qildi.
“Karimov usuliga qaytish chaqirig’i islomofobiyani eslatadi, ammo O’zbekistonda so`nggi 25 yil davomida dindorlarga qarshi yuritilgan siyosat insoniyatga qaratilgan jinoyat ham edi. Musulmonlar diniy ayblovlar, ekstremizmda, terrorizmda ayblanib qamab tashlandi. Buning natijasida vaziyat portlash holatiga kelib qolgan edi, son`ggi paytda qayerda qaynoq nuqtalar bo’lsa, u yerda o’zbeklar borligini ko’ramiz. Yosh yigitlar, shu darajada siqib tashlandiki, majbur bo`lishdi chiqib ketishga. Men hatto bugun Suriyada, Afg`onistonda yurganlarni ham yoshligidan shunday ekstremist, urush janjal qiladigan bo’lgan deb hisoblamayman. Ular tazyiqlar bois o’sha tomonlarga borib qolishdi, shuning uchun ham oxirgi paytda o’zbek terrorchilari degan atama paydo bo’ldi. Bu hammasi hukumatning noto’g’ri siyosati tufayli yuz berdi. Hozir agar bu kabi ekspertlar chaqirig’i amalga oshadigan, O’zbekiston yana o’sha eski siyosatga qaytadigan bo’lsa, portlash muqarrar”, - deydi Akmal Nabiyev.
Rossiyalik ekspert Islom Karimovning terrorizmga qarshi kurash usuli aynan nimada o’ta samarali bo’lganini aniqlashtirmaydi, yangi rahbariyatning qo’shni davlatlar bilan aloqalarni iliqlashtirganini ijobiy baholaydi va Karimovning qo’shnilar bilan aloqasini buzishi aynan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bilan bog’liq bo’lganiga ishora beradi.
Karimov vafoti ortidan O`zbekistonda hokimiyat almashganiga bir yarim yil bo’lyapti. Mamlakatda diniy ayblovlar bo’yicha mahkamalar o’tishi to’xtagani yo’q, ammo ular avvalgi tuzum davridagi kabi ommaviy emas, aybi isbotlanmagan dindorlar sud zalidan ozod qilinayotgani, mahkamalarning diniy motivlar bo’yicha ish ko’rish tartibida ayrim o’zgarishlar borligi qayd qilinadi.
Bir muncha avval prezident Mirziyoyev O’zbekiston tarixida ilk bor mahkamalarni afv etish vakolatidan foydalangan edi. Prezident tomonidan shaxsan afv etilganlar orasida diniy motivlar bilan qamalganlar ham ko‘pligi aytilgan edi. Bu afv yuzasidan to’xtalgan Mirziyoyev qamoqdagi mahkumlarning aksariyati adolatsizlik qurboni bo`lgani, aynan shuning uchun ham ular davlat siyosatiga qarshi bo`lib qolgani haqida gapirgan edi.
Akmal Nabiyevga ko’ra, ekstremizmga qarshi kurashning karimovcha usulida nafaqat marhum prezidentning, balki yaqinda o’z rahbarini o’zgartirgan Milliy xavfsizlik xizmatining ham roli katta edi; yangi hokimiyat bu xatolarni tuzatmoqda, bosqichma-bosqich Karimov siyosatidan voz kechish kuzatilmoqda.
“Hukumat o’zining siyosatini o’zgartirmoqda. Masalan, oldingi hukumat xalqni o’ziga dushman deb bilgan bo’lsa, hozirgisi xalq bilan muloqotga boryapti, birlikka, o’zgarishlar qilishga intilmoqda. Mana hozir eski hukumatning xatolari to‘g'rilanyapti, so’nggi yilda ancha dindorlar qamoqdan chiqarildi, lekin bu bilan mamlakatda biror notinchlik boshlangani yo’q”, - deydi u.
Diniy ekstremizm, terrorizmga qarshi kurash O’zbekistonda chorak asr hukmronlik qilgan marhum Islom Karimov siyosatidagi eng qonli sahifalardan biri. 2005-yilda Andijonda kuzatilgan qonli fojialar, tinch fuqarolarning otib o’ldirilishi ham aynan shu bilan, Islom Karimovning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash siyosati bilan oqlab kelinmoqda.