“Islomiy davlat” bir paytlar vayron qilgan va dovyurak ko’ngillilar, o’qituvchilar va talabalar shijoati tufayli minglab kitoblari saqlab qolingan Iroqning Musul shahridagi universitet kutubxonasi 5 yildan so’ng qayta ochilmoqda. Urushdan oldin dunyoga tanilgan kutubxonada bir millionga yaqin kitob bor edi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Biz kitoblarni olish uchun universitetga kirganimizda Daish jangarilari bizni dronlardan nishonga olishgan. Ular to’planishimizni kutishayotgan edi. Hujumlarda hech kim o’lmadi, ammo ishimizni 2 kunga to’xtatishimizga to’g’ri keldi”, - deydi Muhannad al-Hoji ismli bir talaba.
Besh yil o’tib Musulning katta qismi hali ham xarobada ekaniga qaramay, kutubxona qayta qurilib, yangidan jihozlandi. Qator-qator bo’sh rastalar o’n minglab kitoblarning qaytishini kutmoqda. Kutubxona yaqin kunlarda ochilishi mumkin, biroq yuz minglab yonib kul bo’lgan kitoblarni endi qaytarib bo’lmaydi.
“Zamonaviy tadqiqotlar haqida ma’lumot beruvchi xalqaro jurnallarga kirish imkonimiz yo’q. Yangi kitoblar kerak. Internetdagi resurslarga qaramay, ularni olishning imkoni yo’q”, - deydi sobiq talaba Joanna Husayn.
2014-yilga borib “Islomiy davlat” jangarilari Suriya va Iroqning katta qismini, jumladan Musulni egallab oldi, biroq to’rt yil o’tib barcha hududlarni janglarda boy berdi. Musul uchun janglar to’qqiz oy davom etdi – minglab odam nobud bo’ldi, ko’plar uysiz qoldi.
O’shandan beri ko’p uylar, do’konlar qayta qurildi, insonparvarlik yordami bilan shug’ullanuvchi guruhlar Musul kutubxonasi kabi jamoat joylarini ham tikladi. Biroq kutubxona rahbarining aytishicha, aholi hayotini tiklash ancha qiyin jarayon.
“Musulda ko’p odam qirilib ketdi. Otamni yo’qotdim. Uydan ayrildik”, - deydi Saif al-Ashker.
Musulliklarning aytishicha, kutubxona ochilishi bilan shaharning madaniyat va ma’rifat markazi sifatidagi qadimiy obro’si tiklanishiga birinchi qadam qo’yiladi. Biroq keskin qashshoqlik va shahar muammolariga beparvolik fonida, deydi ular, kutubxona qorong’u va mavhum deb ko’rilayotgan kelajakning umid chirog’iga o’xshaydi.