Prezident Tramp, uning saylov kampaniyasi va sheriklari 2016-yilgi prezidentlik saylovlariga aralashish maqsadida Rossiya bilan til biriktirmagan.
AQSh Adliya vaziri Vilyam Bar ushbu masala bo'yicha qariyb ikki yil davomida olib borilgan tergovning qisqacha xulosasini Kongressga taqdim etdi.
Federal qidiruv byurosi sobiq rahbari Robert Myuller boshchiligidagi tergovchilar to'liq hisobotni vazirga topshirgan. Qonunchilar uni butunligicha omma e'tiboriga havola etishni talab qilmoqda.
Prezident adolat yo'lini to'sishga, tekshiruvni to'xtatishga harakat qilganmi? Tergovchilar bu borada aniq bir xulosaga kelmagan, ammo hujjatda prezident aybsiz deb ham ko'rsatilmaydi.
Ikki yillik tergov xulosalari Prezident Tramp uchun yirik siyosiy g'alaba deyish mumkin.
"O'zimni to'liq oqlangan deb hisoblayman. Mamlakat bunday tergovni boshdan kechirgani, meni tekshirishgacha borichgani sharmandalik. Hech narsa topishmadi", - deydi Tramp.
Your browser doesn’t support HTML5
Myullerning asosiy vazifasi 2016-yilgi saylovga aralashishda Rossiyaga amerikaliklar, jumladan, Trampga yaqin odamlar yordam bergani yoki bermaganini aniqlash edi.
Demokrat qonunchilar va Trampning ayrim partiyadoshlari Myullerning to'liq hisobotini xalq hukmiga havola etishni so'ramoqda. Prezident Trampning o'zi ham buga qarshi emasligini aytgan. Adliya vaziri bu masalada qanday qaror qilishi noma'lum.
Tergov natijasida Trampga yaqin bo'lgan yoki uning saylov kampaniyasida ishlagan bir necha shaxs turli jinoyatlarda, jumladan, Rossiya bilan aloqalari haqida yolg'on ma'lumot berganlikda ayblanib qamaldi, bir nechasi tergovchilar bilan hamkorlik qilgan.
Myuller tergovni yakunlagan bo'lsa-da, Trampning bizneslari va Oq uyga kelishidan oldingi moliyaviy ishlari yuzasidan tekshiruvlar davom etmoqda.