Musulmonlar AQSh prezidentlik saylovida katta sonda ovoz bermoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Musulmonlar AQSh aholisining taxminan bir foizini tashkil etadi. Bu yilgi prezidentlik saylovida ishtirok har qachongidan yuqori.

Ijtimoiy siyosat va hamfikrlik instituti o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, ovoz berish huquqiga ega musulmon amerikaliklarning 78 foizi ro’yxatdan o’tgan. 2016-yilda bu raqam 60 foiz edi.

“Musulmon jamoalarida odamlarni saylovga chiqishga undash uchun katta ish olib borilmoqda. Ayniqsa Michigan va Florida singari o’zgaruvchan shtatlarda”, - deydi institut xodimasi Erum Akramulla.

AQShda masjidlar saylovchi xabardorligini oshirish bo’yicha dasturlarni ham yuritadi.

Virjiniyadagi Adams markazi mamlakatdagi eng yirik islomiy markazlardan biridir. Poytaxt Vashingtonda hamda Virjiniya va Merilend shtatlarida musulmonlarni saylovda faol bo’lishga undamoqda.

“Amerika demokratiyasiga o’z ovozingizni qo’shing deya, odamlarni erta ovoz berishga undadik”, - deydi markaz xodimi Said Ashraf.

Adams markazi – notijoriy tashkilot, deydi Ashraf. Uning maqsadi ovoz berish ahamiyatini saylovchilarga tushuntirish, biror nomzodni qo’llab-quvvatlash emas.

Islomiy markazlar qatorida Qo’shma Shtatlar bo’ylab siyosiy jihatdan neytral boshqa tashkilotlar ham musulmonlarni faol bo’lishga chorlamoqda.

“Ularning ovozi muhim va o’zgarish yasaydi. Florida, Pensilvaniya va Michigan kabi joylarda musulmon jamoasi ovozi natijani u yoki bu tomonga o’zgartirishga qodir. Shunday ekan, odamlarni shu davlat fuqarolari sifatida o’z burchini bajarishga undaymiz. Farzandlarimiz ta’limi qanday moliyalanishi, sog’liqni saqlash, adliya, tashqi siyosat – bularning hammasi biz uchun muhim”, - deydi Amerika musulmonlari instituti nomli tashkilot ijrochi direktori Shohid Rahmon.

Uch milliondan ziyod musulmon amerikaliklarning katta qismi saylov kunigacha va 3-noyabr kunining o’zida ovoz berishi kutilmoqda.