Xalqaro migratsiya tashkilotiga ko’ra, so’nggi bir haftada Myanmaning Rakxayn shtatidan qo’shni Bangladeshga kamida 18 ming roxinjalik qochib o’tgan.
Hududda isyonchilar va armiya o’rtasida to’qnashuvlar jonlangach, oddiy xalq jon saqlashga intilmoqda. Isyonchilarning roxinjalik musulmon ekani aytiladi.
BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi Bangladesh hukumatini roxinjalik musulmonlarga boshpana berishga chaqirmoqda. Ba’zi xabarlarga ko’ra, bu mamlakat ularni qabul qilmayapti, ortga qaytarib yubormoqda. Natijada bu odamlar ikki chegara o’rtasida qolgani aytilmoqda.
Myanma musulmonlari armiya isyonchilar hujumi uchun ularni jazolashi mumkinligidan xavotirda.
BMT agentligi so’zlovchisi Adrian Edvardsning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bu xabarlarni tasdiqlashning hozircha imkoni yo'q, chunki roxinjaliklar bir joyda to’planmagan.
“Biz Bangladesh hukumati bilan aloqadamiz. Roxinjaliklarning Myanma armiyasi tomonidan o’qqa tutilishi haqidagi xabarlar ba’zi joylarda o’z aksini topdi, xolos, muntazam siyosat emas. Chegaraning narigi tomonida qolgan odamlar bilan aloqa qilish imkonimiz yo’q”, - deydi Edvards.
BMT vakili Rakxayn shtatida minglab odam o’lgani haqidagi xabarlarni tasdiqlashdan bosh tortdi.
"Bir-biriga qarama-qarshi xabarlarni ko’ryapmiz. Ammo ularni tasdiqlay olmaymiz. Chegaralarni yopmaslikni har ikki mamlakat hukumatlaridan so’radik. Odamlarga boshpana olishga imkon berish kerak”, - deydi Edvards.
O’tgan yil oktabr oyida roxinjalik jangarilar to’qqiz politsiyachini otib o’ldirganidan so’ng armiya ularga qarshi amaliyot boshlab, aholi ommaviy tarzda Bangladeshga qochishga majbur bo’ldi.
So’nggi olti yilda 87 ming odam u yerga qochgan.
Myanma hukumati roxinjaliklarni bangladeshlik kelgindi deb hisoblaydi va ularni 1982-yilda qabul qilingan qonunga muvofiq fuqarolikka loyiq deb bilmaydi.