Kreml Armaniston va Ozarbayjon o’rtasida Tog’li Qorabog’ bo’yicha ziddiyatlar kuchayayotganidan tashvishda ekanini bildirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Armaniston qo’shni mamlakatni Tog’li Qorabog’ atrofida qo’shin to’playotganlikda ayblayapti. Hudud o’tgan yil dekabridan beri ozarbayjonlik askarlar tomonidan qamalga olingan. Yerevan u yerdagi rossiyalik tinchlikparvar kuchlar armanlarga yordam bermayotganidan shikoyat qilarkan, Rossiyani ortiq xavfsizlik kafili deb bilmasligini bildirdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya har ikki mamlakat bilan aloqada bo’lishini, Janubiy Kavkazda samarali xavfsizlik kafili bo’lishda davom etishini aytdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining so’zlovchisi Mariya Zaxarova Ozarbayjon va Armanistonning so’nggi bayonotlari Rossiya bilan aloqalarga ziyon bo’lishini ta’kidladi.
Xususan o’tgan dam olish kunlari rasmiy Boku Ukrainaning Rossiya nazoratiga o’tgan hududlaridagi mahalliy saylovlarni tanqid qilib, xalqaro hamjamiyat Ukrainaniki deb bilgan viloyatlarda berilgan ovozlar noqonuniy ekanini bildirdi.
"Boku Ozarbayjon hududiy daxlsiziligiga hurmat bilan qarashimizni xohlasa, Rossiya hududiy daxlsiziligiga ham hurmatda bo’lishlarini istaymiz”, - dedi Zaxarova.
Ayrim kuzatuvchilar Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan vakilini chaqirib olganini, Bosh vazir Nikol Pashinyan rafiqasining Kiyevga borganini, Armanistonning AQSh bilan harbiy mashq o’tkazish qarorini Moskvadan uzoqlashish belgilari sifatida ko’rarkan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armaniston Rossiya bilan ittifoqchilik aloqalarini uzgani haqidagi da’volarni inkor etdi.
Putinga ko’ra, Yerevan Tog’li Qorabog’ni Ozarbayjon hududi sifatida tan olishga tayyor, Boku esa hududda etnik tozalashlardan o’zini tiyishi kerak.
Matbuotdgai ayrim xabarlarga ko’ra, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari kelasi oy Ispaniyada yuzma-yuz uchrashishi mumkin.
Yerevan Ozarbayjonni Tog’li Qorabog’ni Armanistonga bog’lovchi yagona yo’l bo’lgan 6 kilometrlik tog’li Lochin koridorini to’sib qo’yganlikda ayblarkan, hududdagi arman aholi oziq-ovqat va dori-darmon ta’minotidan uzilganidan shikoyat qilmoqda.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni bayonot chiqarib, Lochin koridorining qamali haqidagi da’volarning asossiz ekanini aytdi.
Vazirlik Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi bilan aloqada ekanini bildirdi.
Seshanba kuni Rossiya Qizil Xoch qo’mitasiga tegishli yuk mashinasi Ozarbayjon hududi orqali Tog’li Qorabog’ning armanlar yashovchi Stepanakert shahriga gumanitar yuk olib kirdi. Biroq Lochin koridori orqali emas, 1988-yildan beri ilk bor Ozarbayjonga tegishli Agdam yo’li orqali.
Birinchi Tog’li Qorabog’ urushi paytida Ozarbayjondan tortib olingan Agdam shahri 2020-yilgi ikkinchi urushda Boku tomonidan qaytarib olindi.