O'zbekistonda Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan hibsga olingan jurnalist, bloger Hayotxon Nasriddinovga ayblov xulosasi taqdim etildi. Nasriddinov Jinoyat kodeksining 159-moddasi bo`yicha davlatga qarshi fitnada, hokimiyatni egallashga urinishda ayblanmoqda. Bu haqda toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Voloseyevich o’z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Oktabr oyida hibsga olingan Nasriddinov O’zbekistonda hokimiyatni egallash maqsadida tuzilgan “O’rim” amaliyoti ishtirokchisi sifatida ko’rilmoqda.
Hayotxon Nasriddinov avvalroq, sentabr oyida hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullayev kabi Jinoyat kodeksining 159-moddasi, 4-bandi bilan davlatga qarshi fitna uyushtirish, hokimiyatni egallashga urinishda ayblanmoqda.
Toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Voloseyevichning o’z manbalariga tayanib aytishicha, Nasriddinovga ayblov xulosasi taqdim etilgan, taniqli bloger davlatga qarshi fitna ishidagi navbatdagi ayblanuvchiga aylangan.
“Nasriddinovga ayblov taqdim etilgan, gap 159-moddaning 4-bandi haqida bormoqda, ya’ni hokimiyatni egallash maqsadida davlatga qarshi fitna uyushtirish. Bu ayblov Nasriddinovni va Abdullayevni bitta jinoiy ishga biriktiradi.To’g’risini aytganda, MXX tomonidan yuritilayotgan bu ishga, hokimiyatni egallash maqsadida tuzilgan “O’rim” amaliyoti mavjudligiga hech kim ishonmaydi. Oddiy o’qituvchi bo`lib ishlagan blogerni (Nasriddinov) va kirakashlik bilan tirikchilik qilgan jurnalistni (Abdullayev) hokimiyatni egallashda ayblanishi juda kulgili. Meningcha, bu ishni yuritayotgan MXX Usmon Haqnazarov imzosi ostida yozilgan maqolalar uchun shunchaki qasd olmoqchiga o’xshaydi. Ammo Hayotxon Nasriddinovning bunga qanchalik aloqasi bor, hozircha bu mutlaqo mavhum”, - deydi Aleksey Voloseyevich.
Sentabr oyida hibsga olingan Bobomurod Abdullayev taqdiri yuzasidan ayrim tafsilotlar ma’lum, uning ishini kuzatib borayotgan huquq himoyachilari Abdullayev hibsxonada advokat bilan uchrashgani, keyinchalik esa bu advokat xizmatidan ixtiyoriy ravishda voz kechgani haqida xabar tarqatishgan edi.
Hayotxon Nasriddinov haqida esa uning oktabr oyida hibsga olinishidan so’ng ma’lum bo’layotgan dastlabki xabar unga nisbatan ayblov xulosasi taqdim etilgani bo’lmoqda.
Aleksey Voloseyevichga ko’ra, u ham Nasriddinovning hibsxonadagi taqdiri, advokati kimligi haqida hech narsa bilmaydi, ammo Nasriddinov ham Abdullayev kabi xusisiy advokat xizmatidan voz kechtirilganini ehtimol qiladi.
“Dastlabki paytda har ikkisini ham xususiy advokat xizmatidan voz kechishga majbur qilishgan, deb eshitgan edim, ammo hozir nimalar bo’layapti, noma’lum. Davlat advokatlarini qanday tartibda ishlashi ma’lum, ular faqat mahkama jarayonining yakunida, sudya so’z taqdim etgandagina gapirishi mumkin, xolos”, - deydi Voloseyevich.
Nasriddinov hibsga olinishiga qadar Toshkentdagi kollejlardan birida o’qituvchilik qilayotgan edi. Shuningdek, Nasriddinov taniqli bloger, bir qator ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik ham qilgan.
Nasriddinovga qo’yilgan ayblov tafsilotlari aniq emas, ammo MXX yuritayotgan davlatga qarshi fitna ishi Usmon Haqnazarov taxallusi ostida yozilgan maqolalarga asoslanadi. Bobomurod Abdullayev tergovda Usmon Haqanazarov taxallusi ostida maqolalar yozgani haqida iqrorlik bildirgan. Hayotxon Nasriddinov ham Usmon Haqnazarov taxallusi ostida maqolalar yozganlikda ayblanishi ehtimol qilinmoqda.
O’zbekistonda yangi hokimiyat o’zgarishlar, islohotlar e’lon qilgan bir paytda mustaqil jurnalistlar ustidan o’tgan hibslar, davlatga qarshi fitna ayblovining yuzaga chiqishi ko’pchilikda, xalqaro huquq tashkilotlari, mahalliy faollarda ham o’zgarishlarga nisbatan shubha tug’dirdi.
Aleksey Voloseyevich nazarida islohotlar haqidagi va’dalar barobarida jurnalistlar ustidan jinoiy ishsoxtalashtirilayotgani MXX qudratidan darak bermoqda.
“MXX hozirgacha tanqiddan xoli qolayotgan yagona tashkilot edi, faqat yaqindagina Mirziyoyev bu tashkilotni isloh qilish lozimligi haqida gapirdi. Matbuotda MXX rahbari Inoyatovning yirik siyosiy salohiyatga egali haqida aytilgan. Shundan kelib chiqib, biz bu ish yuzasidan MXX hal qiluvchi qarorga ega, hokimiyatdagi vakolatlar bo’lib olingan, degan xulosaga kelyapmiz. Mirziyoyev xo’jalik va shu kabi boshqa yo’nalishlar bilan shug’ullanayotgan bo’lsa, Inoyatov avval nimalarni nazorat qilgan bo’lsa shu vakolatlarini davom ettirmoqda”, - degan firkda mustaqil jurnalist.
Davlatga qarshi fitna ishi bo`yicha ayblanayotgan jurnalistlardan yana biri Bobomurod Abdullayevning onasi Gavharjon Madaminova yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqdi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan bu murojaatda Madaminova o’g’li Bobomurod Abdullayevni himoya bilan ta’minlash uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevdan yordam so’raydi.