Millatchi guruhlar Radaga bostirib kirishga urindi

Kiyev

Your browser doesn’t support HTML5

Millatchi guruhlar Radaga bostirib kirishga urindi-Malik Mansur

Ukraina poytaxti Kiyevda parlament oldida o’tgan namoyishlar sababli Rada seshanba kuni majlisni to'xtatishga majbur bo'lgan.

Binoga bostirib kirishga uringan namoyishchilar Ikkinchi jahon urushida Germaniya safida jang qilgan Ukraina Partizanlik harakati a'zolarini vatan himoyachilari, qahramonlar deya tan olishni talab qilmoqda.

Parlament ushbu yig'ilishida mudofaa vaziri lavozimiga Stepan Poltorakni tasdiqladi. Poltorak Milliy gvardiyani boshqarib keladi. U avvalgi mudofaa vaziri, avgust oyida Donetskdagi janglarda armiyaning mag'lubiyati uchun tanqid qilingan Valeriy Geleteyning o'rniga keldi.

Ukraina Partizanlik harakati a'zolarini Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari sifatida tan olishga doir qonun loyihasi muhokama qilinib ulgurmadi. Chunki parlament yuzlab namoyishchilarning hujumiga uchradi. Deputatlar huzuriga bostirib kirishga uringan namoyishchilar kuch bilan qaytarildi, parlament esa ishini to'xtatishga majbur bo'ldi.

Aytish kerak, qonun loyihasi Ukraina Milliy tashkilotlari va Ukraina isyonchilari armiyasini Ikkinchi jahon urushida mamlakat ozodligi va mustaqilligi uchun kurashgan tomon sifatida tan olish to'g'risidadir. Urushda ukrain millatchilari Germaniya tarafida sobiq ittifoqqa qarshi urush qilgan. Shu munosabat bilan Kiyevda boshlangan ommaviy namoyishlarda asosan “Svoboda” va boshqa radikal partiyalarning minglab tarafdorlari ishtirok etmoqda.

Ukrainada bu masala o'ta munozarali. Bu borada Radaga oshirilgan qonun loyihasini “Svoboda” partiyasi ishlab chiqgan. Ammo partiyaning parlamentdagi vakillari Radaga bostirib kirishga uringanlarning bizga aloqasi yo'q, deydi.

Mustaqil deputat Sergey Lobozyuk parlament binosiga hujumni provokatsiya sifatida baholaydi.

“Har qanday qonun tegishli tartibda qabul qilinishi kerak, kuch bilan, qo'rqitish orqali emas. Bizga uchinchi maydon kerak emas. Agar “Svoboda” bu qonunni madaniy bir tarzda deputatlarga taqdim etganda edi, ehtimol men unga ovoz bergan bo'lardim. Ammo hozir bu partiyaning parlamentga o'tish imkoniyatlari pasayib ketgan, ehtimol shuning uchundir buning hammasi. Parlament o'z ishini to'xtatishga majbur, ko'chada jarohatlanganlar bor, otishmalar eshitilyapti”, - deydi Lobozyuk.

14-oktabr Ukrainada Kazaklar va isyonchilar armiyasi kuni hisoblanadi. Xavfsizlik xizmatining shu munosabat bilan tarqatgan maxsus murojaatida aholi turli provokatsiyalardan ehtiyot bo'lishga chaqiriladi.

Murojaatda ta'kidlanishicha, Moskva patriarxligiga qarashli ibodatxonalarni bosib olish haqidagi chaqiriqlar rossiyaparast guruhlar tomonidan vaziyatni keskinlashtirish maqsadida uyushtirilmoqda.

Rada deputatlari namoyishni kuzatayapti.