"Islomiy davlat"ga qarshi kurashda NATOning roli oshadi

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Atlantika alyansi NATO "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi jangovar harakatlarni kuchaytiradi. 28 davlatni o'z ichiga olgan koalitsiya bu ishni, asosan, Afrika va Yaqin Sharqdagi davlatlar armiyasiga yordamlashish orqali amalga oshirmoqchi.

NATO askarlari ayni damda Iroq, Afg'oniston va Iordaniyada mahalliy qo'shinlarni treningdan o'tkazish bilan band.

Jihodchilar bosib olgan hududlarni ozod etish uchun turli davlatlar qurolli kuchlarini mashqdan o'tkazadigan, sa'y-harakatni muvofiqlashiradigan tizim zarur, deydi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg. NATO kelajakda mana shu vazifani o'z zimmasiga olishi mumkin.

Vashingtonda qilgan nutqida Stoltenberg Rossiya-Ukraina mojarosini ham tilga oldi.

"Rossiya bilan ixtilofga borish niyatimiz yo'q. Yangi sovuq urushni bartaraf etishimiz lozim", - dedi Stoltenberg.

Ammo uning aytishicha, Rossiya bilan dialog va hamkorlikni yo'lga qo'yish uchun NATO kuchli bo'lishi va qat'iyat bilan harakat qilish kerak.

Shimoliy alyans oldida ikki jiddiy masala turibdi. Biri - qochqinlar oqimini eplashda Yevropa davlatlariga yordam berish bo'lsa, ikkinchisi Rossiyaning agressiv harakatlariga javob berish, deydi Stoltenberg.

Uning fikricha, "Islomiy davlat" guruhi hal-beri yengiladigan emas. Mahalliy qo'shinlar malakasini oshirishga kattaroq e'tibor qaratiladi, toki davlatlar o'zini o'zi himoya qila olsin.