Your browser doesn’t support HTML5
Qurol nazorati – AQShda siyosatchilarni ham, ommani ham junbishga keltiradigan muhim mavzulardan biri. So’nggi yillarda bu jamiyat bir necha qonli otishmalarga guvoh bo’ldi: maktab va oliygohlarda, kinoteatr va boshqa jamoat joylarida.
So’nggi fojia 16-sentabr kuni poytaxt Vashingtonda ro’y berdi. Harbiy-dengiz kuchlarining ta’minot shtabida tergov ishlari davom etmoqda.
Aaron Aleksis ismli shaxs nima sababdan 12 kishini otib o’ldirganini hech kim bilmaydi. O’zi ham politsiya bilan otishmada halok bo’lgan. Guvohlarga ko’ra, 34 yoshli bu yigit binoga kiraverishda tekshiruv punktidan miltig’ini yashirib o’tgan va ko’p o’tmay har tomonga qarata ota boshlagan. Jon Viver ham o’sha yerda edi.
“Boshimni sekin chiqarib qarasam, bir do’stimni nishonga olayotgan ekan. Uni otib tashladi”, - deydi guvoh.
Voqea ketidan qurollarni qattiqroq nazorat qilishga doir muhokamalar yana avj oldi. Qurol egalari bunga qarshi. Prezident Obama qonunchilarga yana murojaat qildi.
“Qurol xaridorlarini puxta tekshiruvdan o’tkazishga doir qonun qabul qilinmagani bois bu singari ommaviy qirg’inlarni to’xtatish qiyin”, - deydi Obama.
Kongress qoshidagi tadqiqot markazi bergan ma’lumotga ko’ra, oxirgi 30 yilda AQShda jamoat joylarida 78 marta otishma ro’y bergan va ularda qariyb 550 odam o’lgan.
Otishmalarda yaqinlaridan, jigarbandidan ayrilgan oilalar yaqinda Kongressda xotira marosimiga yig’ildi. O’tgan yili Konnektikutdagi boshlang’ich maktabda ro’y bergan fojia qurbonlari yodga olindi.
Demokratiya so’zida ma’no qolmadi, deydi senator Kris Merfi. “Amerikaliklarning 90 foizi qurol sotib olayotganlarni tekshiraylik deb turganda, Kongressda loyihani ovozdan o’tkaza olmayapmiz”, - deydi u.
Joriy yil boshida cheklovlarni ko’zda tutgan qonun loyihasiga Senatda ko’plab demokratlar va respublikachilar qarshi ovoz bergan edi.
Stiv Bilet Jorj Vashington universitetida siyosatdan dars beradi:
“Ochig’ini aytganda, bu masalada dong qotib qolganmiz. Qurol sotiladigan jamiyatda bunday fojialar vaqti-vaqti bilan bo’lib turadi, nailoj, degan odamlar ko’p hozir. Bor gap shu”, - deydi u.
AQSh Milliy Qurol uyushmasi singari tashkilotlar Vashingtondagi otishma yuzasidan bayonot bermagan. Ammo qurol egalari huquqi cheklanishiga qarshi bu guruh qattiq kurashib keladi.
Qurol uyushmasi har jihatdan baquvvat organ. Masalan, Kolorado shtatida uning quvvatlovida ikki mahalliy qonunchi lavozimdan chetlatildi. Ular mavjud qonun-qoidalarni biz oz o’zgartirishga chaqirgan edi xolos.
Qurollar ustidan nazoratni kuchaytirish tarafdorlari ko’p, ammo bu yili ham biror qonun qabul qilinmaydigan ko’rinadi.