Karimovdan keyingi O'zbekiston-Qozog'iston aloqalarining istiqboli qanday?

Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Samarqandda Islom Karimov qabrini ziyorat qilmoqda, 12-sentabr, 2016-yil.

Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston muvaqqat prezidenti sifatida xorijiy davlat rahbari bilan ilk rasmiy muzokarasini Karimovni xotirlash uchun Samarqandga kelgan Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan o'tkazdi. Nazarboyevning kechiktirilgan bu tashrifi Karimov vorisining tugal aniqlangani bilan bog'liq ko'rilmoqda.

Uchrashuvda ikki qardosh xalq o'rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga diqqat qaratilgan, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar bo'yicha fikr almashilgan. Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston muvaqqat prezidentligiga tayinlanishi qanchalik qonuniy bo'lgani esa hamon savol ostida.

Samarqandga kelgan Nazarboyev marhumning munosabatlarni rivojlantirishga ulkan hissa qo'shgani, uzoq yillik do'sti bilan murakkab masalalarda hamisha til topisha olgani, Karimov o'zbek xalqi xotirasida o'chmas iz qoldirgani haqida gapirgan, o'zbekistonliklarga o'z ta'ziyasini bildirgan.

Nazarboyev Samarqandda Shavkat Mirziyoyev bilan alohida muzokara o'tkazgan. Uchrashuvda ikki o'rtadagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilgani xabar qilinmoqda.

Mirziyoyev xotira safari uchun Nazarboyevga minnatdorchilik bildirgan, Karimov Qozog'istonni hamisha eng yaqin do'st va hamkor sifatida eslatib kelganini ta'kidlagan.

Karimov bilan 30 yildan oshiq qalin do'st bo'lganini ta'kidlagan Nazarboyev O'zbekiston rahbarining dafn marosimida ishtirok etmadi.

Matbuotda Nazarboyevning Xitoy tashrifini qisqartirib, O'zbekistonga kelayotgani haqida xabarlar ham chiqqan edi. Uning kechiktirilgan tashrifi Qurbon hayiti kunlariga to'g'ri keldi.

Qozog'istondagi fikrlarga ko'ra, Nazarboyev tashrifining kechikishi O'zbekistonda voris aniqlanishi masalasi bilan bog'liq. Qozoq muxolifati faoli Aydos Sodiqovning aytishicha, Nazarboyev Putinning tashrifidan so'ng, shuningdek, Karimovning vorisi kim bo'lishi masalasi hal etilgach, xotira safarini uyushtirishga qaror qilgan.

“U dafn marosimiga Karimov vorisi bilan bog'liq masala hal etilmagani uchun bormadi, chunki dastlabki paytda qarama-qarshi ma'lumotlar ko'p edi. Putin ham, Nazarboyev ham Mirziyoyevga tikishayotgani O'zbekistonda kim hukumatga kelishini ko'rsatmoqda. Men O'zbekistonda hukumat o'zgarishidan so'ng ikki o'rtadagi munosabatlarda biror o'zgarish bo'ladi degan firkdan yiroqman. Mirziyoyev dastlabki kunlardan Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdoridek ko'rinyapti. Bu degani Rossiya doirasida, uning yaqin bir ittifoqchisi bo'lgan Qozog'iston bilan aloqalar ham shunday ketishini anglatadi”, - deydi Aydos Sodiqov.

Nazarboyev bilan o'tgan uchrashuv Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari lavozimidagi ilk rasmiy muzokarasi. Mirziyoyevning nutqida mintaqaviy hamkorlik O'zbekiston tashqi siyosatidagi eng ustuvor yo'nalish sifatida tilga olinadi, ammo bu ustuvorlik qanchalik saqlanib qolishi hozircha savol ostida.

“Marhum Karimov, albatta, diktator, shafqatsiz diktator edi. Ammo u O'zbekistonning nisbatan mustaqil siyosat yuritishini ta'minlab keldi, mamlakat Rossiyaga ham, Xitoyga ham qaram bo'lib qolgani yo'q. Uning davridagi siyosiy elita butunlay o'zgargani yo'q, shuning uchun ham O'zbekiston birdaniga tashqi siyosatini Rossiya tomonga buradi, deyish noto'g'ri”, - deydi Sodiqov.

8-sentabrdan muvaqqat prezident vazifasini bajarayotgan Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kelishi konstitutsiyaga zid baholandi.

Parlament qo'shma majlisida, konstitutsiyada ko'zda tutilganidek, Senat raisi emas, bosh vazirning muvaqqat prezidentlikka saylanishi jiddiy bahs-munozaralar qo'zg'adi.

Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev lavozimni rad etgach, uning o'rniga Shavkat Mirziyoyev tayinlandi. Konstitutsiyada esa vaqtinchalik davlat rahbari lavozimini faqat Senat raisi bajarishi ko'rsatilgan.

O'zbekiston Oliy Majlisining sobiq deputati Jahongir Muhammad “Ozodlik” radiosiga bergan intervyusida Mirziyoyevning muvaqqat prezidentlikka tayinlanishini konstitutsiyaviy to'ntarish sifatida baholaydi.

O'zbekiston davlat axborot agentligi (O'zA) esa Mirziyoyevning tayinlanishi qonunchilikka mos kelishi haqida turkum maqolalar e'lon qildi. Jumladan, O'zbekiston Oliy Majlisi deputati Akmal Saidov parlament qarori to'la qonunlarga mos kelishini ta'kidlab chiqqan.

O'zbekiston prezidentligi uchun saylovlar 4-dekabrda o'tadi. 30-sentabrdan boshlab partiyalardan prezidentlikka nomzodlarni ro'yxatga olish boshlanadi.