O'ta tirishqoq, ammo qovushmagan odamlar oromgohi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

G'alati odamlar uchun lager

AQShda ham aksar bolalar yozni oromgohlarda o’tkazishadi. Merilend shtatida bir lager borki, unga o’z sohasida bilimdon, haddan ziyod tirishqoq, ammo qovushmagan, boshqalar davrasida o’zini erkin his qilmaydigan odamlar qatnaydi.

Bu maxsus oromgoh Merilend shtatining olis qishloqlarida joylashgan. Bu yerga kelganlar, suv parisiday suzishni o’rganadi.

“Dengiz shohiday suzish qanday bo’lishini his qilib ko’rdim. Ajoyib ekan”, - deydi Kris Makeligot.

Nishonga bolta otishni ham o’rganasiz. Mana bu yigit video o’yinlar yaratadi, o’zini professional bilag’on deb ataydi.

Bu yerda dam olayotganlar ko’pincha boshqalardan ajralib qolishini, masxaraga qolishini aytadi.

O’zimga o’xshagan qiziq tabiatli odamlar uchun, o’zimizni erkin his qilishimiz uchun shunday joy kerak edi, deydi lagerni ochgan Kim Kessler.

“Kelganlarning ko’pchiligi talabalar, kompyuterchilar, olimlar, liboslar yaratadigan mohir chevarlar”, - deydi u.

Dam oluvchilar “Samodan mehmon” o’yiniga berilib ketishadi. Insoniyat va o’zga sayyoraliklar orasida lazer qurollar jangi…

Bu kishi aslida o’t o’chiruvchi.

“O’yinlarning turi, sanog’ining adog’i yo’q. Stol o’yinlaridan tortib, eng ahmoqona o’yinlargacha. Hamma bir-biriga do’stona munosabatda”, - deydi Rommi Dakvort.

Juli Chapa bu oromgohga to’rt yil oldin ham kelgan. Hozirda bu yerda ko’ngilli bo’lib ishlayapti.

“Maktab yillarini eslang, ba’zi bolalar boshqalar bilan umuman chiqishmaydi. Bora-bora bunga ko’nikadi ham. Bu yerga kelib hamma g’alati ekanini ko’rasiz”, - deydi u.

Gretchen Valter lagerga birinchi bor kelishi.

“Butun olam bir dunyo - men bir dunyo. O’zimni shunday his qilaman. Boshqalar e’tiborini tortmaydigan narsalarga qiziqaman. Mendaylar har bir jamiyatda bor. Yangi do’stlar orttirish uchun lagerga keldim”, - deydi u.

Bir haftalik oromgohning so’nggi kuni katta diskoteka bilan tugaydi. Do’stlik rishtalari bog’lanadi, hatto turmush qurganlar ham bor.

“Bir umrlik qadrdonga aylangan insonlarni uchratganman bu yerda”, - deydi Juli Chapa.