Arizona shtatidagi Grand-Kanyon, buyuk vodiy Amerika milliy bog’lari ro’yxatiga kiritilganiga 100 yil bo’ldi. Dunyoning yetti tabiiy mo’jizasi qatorida tilga olinadigan bu joy sarguzashtchi sayyohlarni, shoiru-mo’yqalam sohiblarini o’ziga jalb qiladi. Sayohatchi Mayka Mayer yaqinda Grand-Kanyon bo’ylab sayohat qildi.
Grand-Kanyon, buyuk vodiy Amerikaning janubi-g’arbiy shtatidagi ajoyibot olami. Sababi oddiy, deydi sayohatchi Mayka Mayer.
“Bepoyon ulug’vorlik. Vodiyni aynan shunday ta’riflash mumkin. Har qaysi cho’qqidan yoki daryoning har qanday nuqtasidan kuzatmang, uning qanchalar cheksiz ekanini his qiladi odam”, - deydi Mayer.
Ming asrlar davomida nurab, umalanib shaklga kelgan, o’ziga xos rangdagi ulkan dara maydoni 446 kilometr, chuqurligi 1220 metr atrofida. Uzunligi 11 ta futbol maydoniga teng.
Daraning o’ziga xosligi qoyalarning qat-qatligida, bir vaqtlar ular tuproq ostida bo’lganida. Asrlar osha yog’ingarchilik ostida qum yuvilib, qoyalar bo’rtib chiqib qolgan. Bora-bora umalangan, yemirilgan va hozirgi ko’rinishga kelgan. Sayyohlar vodiyni piyoda kezishi yoki daryoga tushib tomosha qilishi mumkin. Mayka Mayer sakkiz kunda qayiq bilan 362 kilometr yo’lni bosib o’tdi.
“Daryoning o’zi bir mo’jiza. Suv shunchalar shaffof, tozaki chaqaloqday beg’uborlikni eslatadi. Ba’zan moviy rang, ba’zan oq. Kichik daryoning Kolorado daryosiga qo’shilgan joyini aniq ko’rasiz”, - deydi sayohatchi.
Vodiy, shuningdek ko’l, sharsharalar, ko’lmak suvlar, buloqlari bilan ham ajoyib. Sayyohlar nafaqat tabiat mo’jizasidan bahra olishadi, bu joyning tarixini ham o’rganishadi, yovvoyi olam bilan tanishadi.
Masalan, Grand-Kanyongagi ba’zi yirtqich qushlar bu yerga ko’paytirish uchun olib kelingan.
Dunyoning tashvishlarini unutib, tabiatdan bahramand bo’lishga, yoningdagi odamlardan iliqlik his qilishga nima yetsin, deydi buyuk vodiyni kezayotganlar.
Facebook Forum