Niger tashqi intervensiyaga yuz tutadimi?

  • Amerika Ovozi

Nigerda isyonchilar rahbari general Abdurahmono Tiani

Nigerdagi harbiy xunta prezident saroyida ushlab turilgan davlat rahbari Muhammad Bazumni yakshanba kungacha ozod etib, lavozimida tiklamasa, G’arbiy Afrika davlatlarining iqtisodiy hamjamiyati bo’lgan EKOVAS tashkiloti Nigerga qo’shin tortilishi haqida ultimatum qo’ygan edi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 4-avgust, 2023-yil

15 mamlakat a’zo guruh bir kun oldin xunta rahbariyati bilan muzokara qilish uchun Niger poytaxti Niameyga borgan, biroq ayrim manbalarga ko’ra, muvaqqat rahbar general Abdurahmon Tiani delegatsiya bilan ko’rishishdan bosh tortib, muzokaraga besh vakilini yo’llagan.

Aeroport binosida o’tgan muloqotda tomonlar kelisha olmagani va EKOVAS delegatsiyasi ortga qaytib ketgani ma’lum.

Tashkilotga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari Nigeriya poytaxti Abujada ikki kun majlis qilgan. Ular vaziyat tinch yo’l bilan hal bo’lishiga umid bildirdi.

Payshanba kuni Nigerda Fransiya mustamlakasidan ozod bo’lgan kun nishonlandi. Harbiy xunta Fransiya bilan mudofaa va xavfsizlik bobidagi beshtav kelishuv bekor bo’lganini ma’lum qildi.

Prezident Bazum mamlakatdagi diniy radikal guruhlarga qarshi kurashda Fransiya bilan faol hamkorlik qilgan. Nigerda 1500 gacha franzus askarining borligi aytilmoqda.

Fransiya, AQSh va Yevropaning yana bir necha mamlakati fuqarolarini Nigerdan evakuatsiya qilgan.

3-avgust kuni “Vashington Post” gazetasi Bazumning maqolasini chop etgan. Niger rahbari uning mamlakati hujumga uchraganini, o’zi esa garovda ekanini aytib, Qo’shma Shtatlardan yordam so’ragan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bazumning maqolasi va nidosini izohlarkan, AQSh kabi mintaqaga daxlsiz mamlakatlarning aralashuvi Nigerdagi vaziyatning yaxshilanishiga olib kelmasligini aytdi.

Ayrim kuzatuvchilar Nigerdagi davlat to’ntarishi oqibatida Rossiya turganini da’vo qiladi. Biroq kuni kecha Qo’shma Shtatlar, bugun esa Germaniya rasmiylari ruslarning bu ishga aloqasi borligini tasdiqlay olmasligini, bunga dalil yo’qligini aytishdi.

G’arb va AQSh Nigerga yordamni to’xtatishi hamda EKOVAS sanksiyalari kuchga kirishi ketidan mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari 40 foizga qimmatlashgani aytiladi.