Nigeriyada o'tgan prezidentlik saylovida amaldagi prezidentga raqib Muhammadu Buxoriy g'alaba qozondi. Prezident Gudlak Jonatan mag'lubiyatini tan olgan.
Nigeriya armiyasining sobiq sarkardasi Buxoriyning nomzodi Barcha Progressivlar Kongressi nomli muxolifat blokidan olg'a surildi. U Gudlak Jonatandan ikki million ko'proq ovoz olgan.
Jonatanning aytishicha, u saylovlarning erkin va adolatli o'tishini ta'minlash bo'yicha bergan va'dasining ustidan chiqgan. U barchani saylov natijalarini tan olishga va qonunga bo'ysunishga chaqirdi.
Gudlak Jonatanning Xalq Demokratik Partiyasi Nigeriyani 16 yildan beri boshqarib kelayotgan edi.
So'nggi yillarda hukumat kuchlarining "Boko Haram" jangari guruhiga qarshi kurashda ojizlik qilayotgani aholi orasida noroziliklarning oshishiga sabab bo'lgan. Muhammad Buxoriy o'z saylov kampaniyasida jangari guruhga qarshi kurashni kuchaytirishga alohida o'rin berdi.
72 yoshli Buxoriy 1983-yilgi harbiy to'ntatish natijasida 20 oy mamlakatni boshqargan. Uning o'zi ham oradan ikki yil o'tib boshqa bir harbiy davlat to'ntarishi oqibatida hokimiyatdan ag'darilgan.
Nigeriyada 1999-yil demokratiya qayta tiklangach, Buxoriy to'rt marta prezidentlik sayloviga o'z nomzodini qo'ygan.
Yangi prezidentning inaguratsiya marosimi 29-may kuni bo'lib o'tadi.