Pensilvaniyada 11-sentabr voqealariga bag'ishlangan yangi markaz ochildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Pensilvaniya shtati: terror qurbonlari uchun yodgorlik

Pensilvaniya shtatida 11-sentabr voqealariga atalgan yangi dargoh ochildi. 93-Reys Milliy xotira markazida 14 yil oldin shtat hududida qulagan samolyot halokatiga oid eksponatlar qo’yilgan.

2001-yil 11-sentabrda Pensilvaniya shtati Somerset okrugida 93-reys samolyoti qulab, aholini vahimaga solgan edi.

Fojea yuz bergan hudud bugun ham gavjum. Jurnalistlar va mehmonlar bu yerda yangi markazni ko’zdan kechirmoqda. Gordon Felt o’sha ma’shum kun yaqinlarini yo’qotgan ko’plab amerikaliklardan biri.

“Ba’zan xayoldek tuyuladi. Keyinroq bizga tezda ma’lum bo’ldiki, suyukli yaqinlarimiz va ularning o’limi tafsilotlari mamlakatimiz uchun tarixiy ahamiyatga ega bo’libdi”, - deydi u.

Gordon Feltning ukasi Edvard samolyot nazoratini terrorchilar qo’lidan tortib olishga uringan yo’lovchilardan biri edi.

Edvard Felt va samolyotdagi boshqa yo’lovchilar hayotining so’nggi 35 daqiqasi Somersetda ochilgan yangi muzeyda interaktiv ekran va ko’rgazmalar orqali namoyish qilinmoqda. Qurbonlarning oila a’zolari markaz odamlarga voqeani tushunishda yordam beradi degan umidda.

“Ular bu 40 qahramon kim bo’lgani va ularning umumiy harakati bilan o’sha kuni Kapitoliy binosi saqlab qolingani haqida tasavvur olishadi”, - deydi Gordon Felt.

“Samolyot Vashingtondan 18 minut uzoqlikda bo’lgan. Kapitoliy va uning ichida 5000 dan ortiq odam ehtimoliy nishon edi. Agar har bir qonunchini boy berganimizda mamlakatimiz hozir butunlay boshqacha bo’lgan bo’lardi”, - deydi muzey rahbari Stefan Klark.

Xotira markazi - 890 gektarni egallagan majmua. Bu yerga sayyohlar tez-tez tashrif buyuradi.

“Har yili bu yerga 325 ming odam keladi. Ammo bu markaz ochilishi bilan tez orada bu raqam ikki yoki uch barobar oshishi kutilyapti”, - deydi Klark.

“Oradan 14 yil o’tib odamlar hanuz iztirobda”, - deydi Gordon Felt.

Nyu-Yorkda, bir necha yuz kilometr uzoqda yashashiga qaramay, Felt bu yerga har yili 5-6 marta kelishini aytadi.

“Bu yerda bo’lish men uchun muhim. Oila a’zolari bu jarayonga aralashishi kerak deb o’ylayman”, - deydi u.

Darhaqiqat, yerni sotib olishdan tortib 26 million dollarlik markazni qurib bitirishgacha bo’lgan jarayonda ular faol qatnashdi. Odamlar ko’rib ibrat olsin, deydi Felt.

“Odamlar markazdan chiqib o’zlariga savol berishi kerak: Ular o’rnida bo’lganimda men ham shunday qila olarmidim deb”, – deydi u.

Odamlar 40 yo’lovchi umrining so’nggi daqiqalari o’tgan maydonda turib shunday savollar ustida o’ylansa ajab emas.