Kim Chen Un inson huquqlarini qo'pol tarzda toptaydigan totalitar tuzumni boshqaradi. Ammo Shimoliy Koreyaning yosh rahbari Singapurda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan ko'rishar ekan, huquq haqida muhokamalar quloqqa chalinmayapti.
Sammit arafasida Tramp Kimni "hurmatga loyiq" va "juda ochiq" degan iboralar bilan maqtagan, undan oldin esa "kichkina raketachi" deb laqab ham qo'ygan edi.
12-iyunda o'tadigan uchrashuvda inson huquqlari qanchalik tilga olinishi noma'lum. Singapurga jo'nab ketishi oldidan jurnalistlar Trampdan Shimoliy Koreyadagi mehnat lagerlari masalasini ham ko'tarasizmi, deb so'rashdi.
"Barcha masalalarni ko'taramiz", - deya javob berdi Tramp.
Ammo yaqinda Shimoliy Koreyaning yuqori lavozimdagi rasmiysi Kim Yon Chol Oq uyda bo'lganida inson huquqlari tilga olinmagan. Amerika diplomatlarining asosiy e'tibori mamlakatning yadroviy va ballistik raketa dasturlarini tugatuvchi kelishuvga erishishda.
"Dunyodagi eng repressiv hukumatlardan biri haqida gap ketayapti. BMT uni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblagan. Shunday ekan, inson huquqlarini chetga surib qo'yish mas'uliyatsizlik", - deydi Fil Robertson, "Human Rights Watch" huquq tashkiloti vakili.
Unga ko'ra, huquq va yadroviy masalalar bir-biriga chambarchas bog'liq.
"Unutmangki, Shimoliy Koreyaning atom va raketa texnologiyalari xalqning zahmati evaziga yaratilgan, infrastruktura majburiy mehnat va ocharchilik evaziga qurilgan, cheklangan resurslar qurol dasturlariga sarflangan", - deydi u.
Agar Singapur sammiti muvaffaqiyatli o'tsa, Tramp ta'biricha, Vashington-Pxenyan aloqalari yaxshilanishi mumkin. Prezident hatto Kim Chen Un bilan Oq uyda uchrashish ehtimolini tilga olgan. Bunday xatti-harakatlar xalqaro sahnada Kimning obro'-e'tiborini ko'tarishga xizmat qiladi, deydi tahlilchi Olivia Enos.
"O'zimizni aldamaylik - Kim Chen Un yovuz odam. Inson huquqlari chetda qolib ketsa, sammit muvaffaqiyatli o'tdi deyolmaysiz", - deydi u.
"Human Rights Watch" vakillari bilan birga Singapurga borgan Olivia Enos fikricha, Shimoliy Koreyada inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat yaxshilanishi bosqichma-bosqich amalga oshishi mumkin.
Birinchi qadam, deydi u, xalqaro gumanitar tashkilotlar mamlakatga kirib, aholining eng zaif qatlamlari bilan, masalan, mehnat lagerlaridagi ahvol bilan tanishishi lozim. Ikkinchi qadam - bolalar va oilalarning qamoqdan ozod etilishi.
"AQSh muzokarachilari Kim Chen Unga uqtirishi kerak, o'z xalqini ezayotgan rahbarni hech kim hurmat qilmaydi", - deydi Enos.