Qurol nazorati bo'yicha ekspertlar fikricha, Shimoliy Koreyaning yadro dasturini tugatish uchun 10 yil vaqt ketishi va jarayon 20 milliard dollarga tushishi mumkin. AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari 12-iyun kuni Singapurda uchrashmoqda.
"Ishning qiyini hali boshlangani yo'q. AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy va Shimoliy Koreya muttasil harakat qilishi kerak bo'ladi. Yillab vaqt oladi", - deydi Deril Kimbal, Vashingtondagi Qurol nazorati bo'yicha uyushma direktori.
Prezident Donald Tramp sammitdan "ijobiy natija" kutmoqda. U Kim Chen Un bilan qurolsizlanish jarayoni, sanksiyalar, Shimoliy Koreyaga iqtisodiy yordam va xavfsizlik kafolatlari haqida gaplashadi.
AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis so'zlariga ko'ra, Pxenyan yadro qurollaridan voz kechish yo'lida tasdiqlangan qadamlar tashlaganidan keyingina sanksiyalardan qutulishi mumkin. Kim Chen Un hukumati esa har bir qo'ygan qadami uchun imtiyoz olishni istaydi.
Xarajatlar
Taxmin shuki, Shimoliy Koreyada 20 dan 80 tagacha yadroviy kallaklar, biz bilgan va maxfiy yadroviy inshootlar, minglab ballistik raketalar, jumladan suvosti kemalaridan uchiradigan raketalar bor.
Janubiy Koreyaning Kukmin Universiteti professori Kvon Hyuk Chul yaqinda bir izlanish o'tkazdi. Uning xulosasiga ko'ra, bunday katta arsenalni AQSh xohlaganidek butunlay yo'q qilish 20 milliard dollarga tushadi. U Ukraina tajribasini misol keltiradi.
"1990-yillarda Ukrainaning strategik yadroviy qurollari Rossiyaga ko'chirilib, o'sha yerda yo'q qilingan. Amerika o'shanda yirik konteynerlar bilan ta'minlagan, texnik yordam ko'rsatgan", - deydi professor.
20 milliard dollarlik potensial xarajatni quyidagi qismlarga bo'lish mumkin:
- Shimoliy Koreya arsenali va yadroviy inshootlarini demontaj qilishga - 5 milliard dollar
- 1994-yilda AQSh bergan va'da ko'ra, elektr quvvati ishlab chiqaradigan ikki suv reaktori qurib berishga - 5 milliard dollar
- Iqtisodiy yordam hamda yadro sohasida ishlayotgan 10 minggacha xodimni boshqa ishlarga o'tkazish uchun - 10 milliard dollar
Prezident Tramp deydiki, Shimoliy Koreya shartlarga ko'nsa, AQSh hukumati bu davlatga to'g'ridan-to'g'ri yordam ajratmaydi, balki xususiy kompaniyalar sarmoya olib kirishi mumkin. Yordam asosan Janubiy Koreya va Xitoydan keladi, deydi AQSh prezidenti.
Facebook Forum