Ikkinchi jahon urushi faxriylari Normandiya jangini xotirlamoqda

  • Amerika Ovozi
1944-yilning 6-iyunida Ikkinchi jahon urushida burilish yasalgan. Ittifoqchilar Fransiyaning Normandiya sohillariga tarixdagi eng yirik desantni tushirib, ko’pdan beri kutilgan ikkinchi frontni ochib beradi. Bu operatsiyaning 70 yilligi nishonlanmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Ikkinchi jahon urushi faxriylari Normandiya jangini xotirlaydi/Shohruh Hamro


Vashingtondagi Ikkinchi jahon urushi yodgorligi… Bu yerga do’stu-birodarlarini xotirlab, har kuni yuzlab faxriylar keladi. Kevin Jonson ham shulardan biri. 89 yoshini qarshilayotgan otaxon Fransiyada jang qilayotib bir qo’lidan ayrilgan.

“Strasburgdan 20 kilometr naridagi Oberxofen qishlog’ida jang qilayotgan edik. Uni bosib olishga uch marta harakat qilganmiz. Oxir-oqibat nemislarni qishloqning bir chekkasiga haydab chiqardik. Safdoshim Garri biz tomonga tank kelayotganini ko’rib, artilleriyani ishga soldi. Tankni portlatdik, lekin menga ham oskolka tegdi”, - deya hikoya qiladi u.

92 yoshli Frederik Daglas Vilyams ham urush veterani. Askar uchun eng qiyini, deydi u, yaqinlarini uyda qoldirib, frontga jo’nab ketish.

“Vinston Cherchil aytganidek, sizni kutgan ham xizmatda bo’lgan. Onalar, opa-singil va rafiqalar. Mening onam jinni bo’lishiga sal qolgan. O’g’lim qachon qaytadi deb”.

1944-yil 6-iyun - Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularning oilalari uchun o’chmas xotira. Normandiya operatsiyasi Fransiyani natsistlardan ozod etish va keyinchalik Germaniyani mag’lub etishda o’ta muhim rol o’ynagan. Kristofer Yung bu haqda kitob yozdi.

“Bu harbiy operatsiyaning ahamiyati haqida qancha gapirsak ham kam. Suv orqali amalga oshirilgan eng yirik hujumlardan. Puxta tayyorlanib, qunt-matonat bilan amalga oshirilgan”, - deydi muallif.

Bu voqea urushda burilish yasagan deya eslanadi.

“Normandiya hujumi ittifoqchi kuchlarning qit’aga qaytishini ta’minlagan. Nemislar buni bartaraf etish uchun yirik qal’a barpo etgan edi”.

General Bruno Kaytukoli Fransiyaning Vashingtondagi elchixonasida mudofaa attashesi bo’lib ishlaydi. Otasi urushda qatnashgan.

“Men otamdan qayta-qayta eshitgan o’git shuki, erkinlik, demokratiya kabi qadriyatlar uchun kurashishga tayyor turish kerak”, - deydi u.

Ofis devorida osilgan rasm – urush qurbonlarini yodga soladi.

“Rasmda Omaxa bich tasvirlangan. Amerika va Fransiya bayroqlari yonma-yon turibdi. Uch mingdan ziyod odam birgalashib, “Biz hech qachon unutmaymiz” degan so’zlarni o’z tanasi bilan yozgan. Sal narida esa qabriston”.

Normandiya sohillariga yetish uchun minglab askar halok bo’lgan. Natsistlar Germaniyasi taslim bo’lishida ularning hissasi katta.

Your browser doesn’t support HTML5

Ikkinchi jahon urushi xotiralari - D-Day Anniversary