Shimoliy Koreya yaqinda vodorod bombasini sinovdan o'tkazib, xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidlariga uchradi. Qo'shni Janubiy Koreyadagi mutaxassislar fikricha, Pxenyan bunday provokatsiyalarni davom ettiradi, chunki uning maqsadi yadroviy qurolga ega davlat maqomini olish.
“Biz Shimoliy Koreyani yadroviy qurolga ega davlat sifatida hech qachon e’tirof etmaymiz. Bu davlatning so’nggi qadamlari esa qarorimizni yanada qat’iylashtirdi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri sinovdan keyin bergan bayonotida.
Shimoliy Koreya yadroviy arsenali bo’yicha mutaxassis Kim Tayvuga ko’ra, Pxenyan yadroviy qurolni saqlab qolgan holda Vashington bilan tinchlik bitimini imzolashga intilmoqda.
Yadvoriy qurolga ega davlat
“Shimoliy Koreya Yadvoriy qurollarni tarqatmaslik haqidagi xalqaro bitimga qo’shilmay turib yadroviy davlat maqomiga ega bo’lmoqchi. Tinchlik bitimiga intilayotgan Pxenyannng maqsadi Janubiy Koreyadan AQSh qo’shinlarini olib chiqish”, - deydi Kim.
O’tgan hafta rasmiy Pxenyan Vashington va Seul o’rtasidagi habriy mashqlar to’xtatilsa va Vashington bilan tinchlik bitimi imzolansa, atom bombasi sinovlarini to’xtatishga va’da berdi.
Ba’zi mutaxassislarning ogohlantirishicha, BMT Xavfsizlik Kengashining yangi sanksiyalariga javoban Shimoliy Koreya uzoq masofali raketalar yoki suvosti kemasidan otiladigan ballistik raketalar sinovinio’tkazishi mumkin. BMT sanksiyalari Pxenyanga ballistik raketa texnologiyalarini sinashni taqiqlab qo'ygan.
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmatining sobiq rasmiysi Jeon Okyun Shimoliy Koreya janubdagi qo’shnisiga nisbatan provokatsiyalarni kuchaytirishi mumkin, degan fikrda.
“Shimoliy Koreya provokatsiyalari turli shaklda, masalan, kiber xurujlar yoki harbiy harakatlar shaklida bo’lishi mumkin”, - deydi u.
Ichki siyosat
Janubiy Koreyaning yuqori martabali rasmiysi ismini oshkor etmaslik sharti bilan masalani izohlar ekan, Shimoliy Koreya ichki siyosati vaziyatni yomonlashtirishi mumkin, degan fikrda. U bunga misol sifatida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un amakisi Jan Son Tekning 2013-yilda qatl etilishi va hukumatda yuqori lavozimni egallagan Kim Yan Gonning o’tgan oyda noaniq sabablar bilan halok bo’lganini keltiradi. Har ikkala shaxs mo’tadil qarashlarga ega edi. Endi esa Pxenyan Seulga nisbatan siyosatini keskinlashtirishi mumkin. Ziddiyat harbiy harakatlarga yetaklashi ham ehtimoldan holi emas, deydi rasmiy.
Janubiy Koreya razvedkasi qoshidagi Milliy xavfsizlik strategiyasi institutining sobiq rahbari Nam Syon-vukka ko’ra, Shimoliy Koreyada ichki siyosat rahbar Kim Chen Un qudratini kuchaytirishga qaratilgan. May oyida kommunistlar partiyasining katta yig’ini bo’lib o’tishi arafasida bu masala, ayniqsa, dolzarb, deydi u. Yadroviy sinovlarni esa davlat propaganda mashinasi Kim Chen Unning yutug’i deya targ’ib etmoqda.
Seshanba kuni Janubiy Koreya Prezidenti Pak Gin Xe BMT Xavfsizlik Kengashini Pxenyan yadroviy sinovlariga javoban kuchli va samarali chora ko'rishga da’vat etdi. Hozirda AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya Shimoliy Koreyaga munosib javob berish yo’llarini muhokama qilmoqda.