Janubiy Koreya prezidentining idorasiga ko’ra, Pxenyandan kelayotgan agressiv bayonotlarga qaramay, Shimoliy Koreya Qo’shma Shtatlar bilan muzokaraga qarshi emas.
Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In Pxyonchanda yakunlangan Qishki Olimpiya o’yinlari paytida Shimoliy Koreya delegatsiyasi bilan uchrashib, tomonlar ikki tomonlama aloqalarni yaxshilashga kelishdi, Pxenyan AQSh bilan muloqotga tayyorligini bildirgan.
Bungacha Shimoliy Koreya rasmiy matbuoti AQShning Pxenyanga qarshi so’nggi sanksiyalari urush e’lon qilish bilan barobardir, deb chiqdi. Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Koreya yarimorolida taranglikni oshirmoqda, uning Shimoliy Koreyaga qarshi do’q-po’pisalari ish bermaydi, chunki Pxenyanda atom quroli bor.
Prezident Donald Tramp 23-fevral kuni yangi sanksiyalarni e’lon qilarkan, ularni Shimoliy Koreyaga qarshi eng yirik jazo choralari deb atadi.
“Agar bundan foyda bo’lmasa, ikkinchi bosqichga o’tamiz”, - dedi Tramp.
Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreyaning noqonuniy yuk tashishlari va savdosiga chek qo’yish maqsadida shimoliy koreyalik bir shaxs hamda Xitoy va yana yetti mamlakatda ro’yxatdan o’tgan 27 ta kompaniya va 28 ta kemani qora ro’yxatga qo’shdi. Ushbu kompaniyalarning AQShdagi mulki muzlatilib, amerikaliklarga ular bilan aloqa qilish man etiladi.
O’tgan yil avgust oyidan beri AQSh harakati bilan BMT Xavfsizlik Kengashi Pxenyanni uch xil sanksiya bilan jazoladi. Biroq bu choralar Shimoliy Koreyani yadro dasturini rivojlantirishdan, yadroviy va raketa sinovlarini o’tkazishdan qaytargani yo’q.
Oq uyning qurol nazorati va ommaviy qirg’in qurollari bo’yicha sobiq muvofiqlashtiruvchisi Geri Seymorning aytishicha, yangi sanksiyalarni amalga oshirish oson bo’lmaydi, chunki Shimoliy Koreyaga ularni aylanib o’tishda yordam berayotgan ko’plab transport kompaniyalariga Amerikaning ta’siri cheklangan.
“Aksariyat bunday kompaniyalarning hajmi kichik bo’lib, ular AQSh bilan ish qilmaydi”, - deydi sobiq rasmiy.
Xitoy nazarida, sanksiyalardan foyda yo’q, aksincha, ular teskari natija beradi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligining bayonotida aytilishicha, Pekin AQShning bir tomonlama jazo choralariga qarshi bo’lib, bu masala bilan xalqaro qonunga muvofiq shug’ullanadi. Ikki tomonlama hamkorlikka zarar yetmasligi uchun vazirlik Qo’shma Shtatlardan tegishli sohalarda zudlik bilan sanksiyalarni bekor qilishni talab qildi.