Yangi yilda qilgan televizion nutqida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un “biz yadro quroliga ega davlatmiz”, deb Qo’shma Shtatlarga eslatib qo’ymoqda.
“AQShning istagan qismiga uchib bora oladigan yadroviy raketalarimiz bor. Tugmasi doim stolimda turadi. Bu tahdid emas, haqiqat. Amerika bizga qarshi hech qachon urush boshlamaydi”, - deydi Kim Chen Un.
Tramp ma’muriyati bu bayonotga javob berganicha yo’q. Kim Chen Un qo’shni Janubiy Koreya bilan muloqotga ochiq ekanini bildirdi. Seulga Qishki olimpiya o'yinlariga sportchilarimizni ham yuborishimiz mumkin, dedi u.
Janubiy Koreya prezidenti idorasi taklifni olqishlamoqda. Seul AQSh bilan har yili o'tkaziladigan qo'shma harbiy mashqlarni Olimpiadadan keyinga qoldirmoqchi.
AQSh rahbari Donald Tramp Shimoliy Koreya bilan “urush istamaymiz, lekin sabrimiz cheksiz emas”, deya ogohlantirib kelmoqda. Pxenyan o’tgan yili uzoq masofali raketalarini sinovdan o’tkazgani uchun kuchli sanksiyalar bilan jazolangan.
Noyabr oyida Pxenyan AQShgacha uchib bora oladigan, yangi turdagi “Xvason-15” qit’alararo ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o’tkazganini e’lon qilgan edi.
Facebook Forum