AQShning "Vashington Post" gazetasida xabar qilinishicha, Afg'onistonda prezident Hamid Karzayga muxolif kuchlar koalitsiya tuzishga kirishgan. Tolibonni yengishga katta hissa qo'shgan Shimoliy Alyans nazarida Karzay toliblar bilan murosa qilaman deb, ko'p masalalarda yon bermoqda.
Tolibondan 10 yil o'tib ham mamlakatda siyosiy barqarorlik va hamjihatlik qaror topmagan. Demokratiya qog'ozda xolos. Boshqaruv institutlar vositasida emas, hokimiyatga ega shaxslar, qabilalar orqali amalga oshirilmoqda. Siyosiy partiyalar negizida g'oya emas, shaxsga sig'inish ustun turadi, deb yozadi "Vashington Post".
Prezident Karzay asli pashtu, Shimoliy Alyans tojiklar va o'zbeklar qo'lida. Bir vaqtlar alyans harbiy qo'mondoni Ahmad Shoh Masudga maslahatchilik qilgan Harun Mirning aytishicha, Afg'onistonda shu kungacha hech bir arbob xalqni birlashtira olgani yo'q.
"Hamma o'zini o'ylaydi, hokimiyatga talpinadi. Bu esa Karzayga muxolifatni zaif va tarqoq ushlab turishga yordam bermoqda", - deydi Harun Mir.
So'nggi paytda siyosiy qotilliklar kuchayib, mamlakat fuqarolik urushiga qaytadi, degan xavotirlar mavjud. Shimolliklar buning oldini olish uchun birlashib, xalqni o'z ortidan ergashtirmoqchi. Biroq kuzatuvchilar nazarida bu oson bo'lmaydi.
O'tgan saylovlarda Hamid Karzay bilan teppa-teng olishgan sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla, o'zbeklar sardori general Abdulrashid Dostim, toliblar bilan tinchlik muloqotiga mas'ul kengashga rahbarlik qilayotgan sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy shimoldan chiqqan arboblar. Ularni birlashtirish chetda tursin, birini boshqasiga bo'ysundirish amri mahol, deydi tahlilchilar. Ammo barchasi Karzay va Tolibonni birday yomon ko'radi.
Ulardan yana biri, sobiq vitse-prezident Ahmad Ziyo Masudning aytishicha, Afg'onistonda qabilaviy siyosatga chek qo'yib, yosh, oliy ma'lumotli fuqarolarni siyosatga tortish kerak. Zamonaviy partiya tizimiga o'tishimiz kerak, deydi u.