Norvegiya Bosh vaziri Yens Stoltenbergning aytishicha, uning mamlakatida o'tgan hafta sodir etilgan terror xurujlarini tergov qilishda Yevropa davlatlari razvedka idoralari ham yordamlashmoqda. 76 kishining hayotiga zomin bo'lgan xuruj o'ng siyosiy qarashlarga ixlos qo'ygan irqchi Anders Bering Breyvikning ishi ekani ma'lum. Norvegiya politsiyasi Breyvik yolg'iz ish qilgan desa, qit'a davlatlari ultra o'ngchilar undan o'rnak olishidan xavotirda.
Bosh vazir Yens Stoltenberg deydiki, xurujga sust javob bergan politsiyaning ishi sinchkovlik bilan o'rganilib, tegishli xulosalar chiqariladi. Mamlakatda siyosiy munozara kuchaygan.
"Zo'ravonlikka javobimiz shuki, demokratiya, ochiqlik va siyosiy jarayonlarda fuqarolar ishtirokini yanada kuchaytirish zarur", - deydi Stoltenberg.
Anders Bering Breyvikning advokatiga ko'ra, mijozi aqldan ozgan.
Ammo siyosiy tahlilchilar nazarida jinoyatga Breyvikning siyosiy qarashlari turtki bergan va bu qarashlar qit'adagi ultra o'ngchi arboblarnikidan farq qilmaydi.
Breyvik bir yarim ming sahifali manifest tayyorlab, internetda chop etgani aytiladi. Unda marksizm, madaniyatlar xilma-xilligi, globalizatsiya kabi g'oyalar qoralanib, Breyvik Yevropada musulmonlar ko'payayotgani xususida tashvish bildiradi va qit'ani ulardan himoya qilish maqsadida uning salib yurishiga qo'shilishga da'vat etadi.
Londondagi Kingston universitetida Yevropada ekstremistik o'ng oqimlarni o'rganuvchi ekspert Andrea Mammonning aytishicha, jamoani boshqalardan tozalash, oq tanli Yevropani targ'ib qilish g'oyalari qit'adagi ultra o'ng ekstremistlari orasida keng tarqalgan.
"Ular asosan immigratsiya va islomga qarshi. Yevropaning muhojirlardan butunlay xoli bo'lishini istashadi", - deydi Mammon.
Ba'zilar nazarida bunday g'oyalar borgan-sari ommalashmoqda. Masalan, Norvegiyada o'ng siyosatni targ'ib qiluvchi "Taraqqiyot" partiyasi parlamentda deputatlar soni bo'yicha ikkinchi o'rinda. Breyvik bir vaqtlar uning a'zosi edi, ammo partiyani yumshoqlikda ayblab, undan chiqqan.
Shvetsiyada esa demokratlar o'tgan yili "Shvetsiya shvedlar uchun" shiori bilan parlamentga kirdi. Finlyandiya natsional partiyasi saylovlarda 20 foiz ovoz oldi.
Bunday kayfiyat Skandinav bo'lmagan davlatlarda ham kuzatilmoqda. Masalan, Gollandiyada uchinchi yirik partiyaning sardori Geyert Vildersning aytishicha, u musulmonlarni emas, islomni yomon ko'radi.
"New Internationalist" jurnali muharriri Bisvashning aytishicha, so'nggi 10 yilda radikallashish butun qit'a bo'ylab kuzatilmoqda.
"Italiya, Daniya, Gollandiyada mo'tadil konservativ guruhlardan ajralgan partiyalar bor. Ularning jamiyatga, immigratsiya oqimiga, boshqa siyosatchilarga ta'siri katta", - deydi jurnalist.
Biroq yevropalik o'ng oqim arboblari Breyvikning harakatlarini qo'llab-quvvatlamadi. Norvegiya "Taraqqiyot" partiyasi rahbari Siv Yensen ularni "jirkanch" deb atadi. Breyvik qarashlarining bir qismiga qo'shilganimiz bilan maqsadga erishish uslubiga qarshimiz, deydi ular.
Jurnalist Bisvashning aytishicha, achinarlisi shuki, o'ng oqim tarafdorlarining qarashlari ortiq ziddiyatli deya ko'rilmayapti, mo'tadil siyosatga kirib boryapti.
Shunga qaramay, deydi jurnalist, o'ng g'oyalar doim ham zo'ravonlikka yetaklamaydi. Bosh vazir Yens Stoltenbergning aytishicha, haddan ortiq siyosiy qarashlar qonuniy hisoblanadi va ular uchun jazo yo'q, agar oxir-oqibatda zo'ravonlikni keltirib chiqarmasa.