Kecha Norvegiyada yozgi lagerda politsiya kiyimidagi bir shaxs o’t ochib, kamida 86 odamni o’ldirgan, aksariyati o’smirlar va bolalar.
Politsiya u kishini qamoqqa olgan, lekin xurujda boshqa bir insonning ham qo’li bo’lishi mumkin.
Otoeya orolidagi otishmaga guvoh bo’lganlarning aytishica, jinoyatni ikki kishi qilgan.
Kecha, shuningdek, poytaxt Osloda hukumat binolari portlatilgan. Yetti kishi halok bo’lgan.
Bosh vazir Yens Stoltenberg “xalqim dahshatda, bu biz uchun katta fojia” deydi.
“Norvegiya bu og’ir kunlarni yenga oladi, yurtdoshlarimni bardamlikka chaqiraman”,- deydi Stoltenberg.
Hozirda politsiya qo’lidagi shaxs 32 yoshli Anders Bering Breyvik ham lagerdagi, ham Oslodagi jinoyatlarda ayblanmoqda.
Breyvikning asl maqsadi nima bo’lgan? Politsiya buni hali bilmaydi.
Norvegiya dunyoning eng tinch va barqaror jamiyatlaridan. Mahalliy terrorizm deya ta’riflanayotgan kechagi xurujlardan nafaqat bu xalq balki xalqaro hamjamiyat ham taajjubda.
Amerika rahbari Barak Obama va BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Norvegiyaga hamdardlik bildirib, yordam taklif qilgan.