Dunyoga mashhur “Christie’s” auksion uyi yana bir yangilikka qo‘l urdi. Shu paytga qadar namoyish etilmagan va aksariyati hindistonlik hukmdorlarga tegishli bo‘lgan bir-biridan qiymatli 400 javohir va qimmatbaho buyum kolleksiyasi Nyu-Yorkda sotuvga qo‘yildi.
Javohirlar rekord narxga – qariyb 120 million dollarga sotilishi kutilmoqda. Agar sotuvdan shuncha pul tushsa, Hindiston hukmdorlarining javohirlari dunyoning eng qimmat javohirlar kolleksiyasi sifatida tarixga kiradi.
Kolleksiyaning sohibi Qatar shayxlaridan Hamid bin Abdulloh al-Taniy bir necha yil avval Londondagi “Victoria & Albert” muzeyida tashkil etilgan “Mahoraja” ko‘rgazmasida qatnashgan. Hind mahorajalariga tegishli ko‘z qamashtiruvchi javohirlarni ko‘rgach, o’zi ham javohir yig’a boshlagan.
Al-Taniy Hindistonning eng bebaho kolleksiyasini nima uchun sotuvga qo‘yganini izohlamadi. Ammo kim oshdi savdosidan tushgan pullar “Al-Taniy kolleksiyasi jamg‘armasi” o‘tkazadigan ko‘rgazmalar, namoyishlar va sa’nat loyihalari uchun sarflanishini bildirgan.
“Mahorajalar va Boburiylar durdonasi” nomli kolleksiya Al-Taniy yiqqan va oxirgi 500 yil davomida hindistonlik zodagonlarga tegishli bo‘lgan 400 qimmatbaho ayshodan iborat.
“Christie’s” vakillariga ko’ra, kolleksiya kutilganidek e’tibor torta olsa, Elizabet Teylorga tegishli bo‘lgan va 2011-yilda 115 million dollarga sotilgan javohirlar kolleksiyasi rekordini yangilashi mumkin.
52,58 karatlik “Jannat ko‘zgusi” nomli brilliant uzuk kolleksiyaning eng e’tiborli ashyosi hisoblanadi. Uni xarid qilishni istaganlar 10 million dollardan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.
Toj Mahalni qurdirgan Shohjahonga tegishli qimmatbaho toshli xanjar ham sotuvga qo‘yilgan.
Kolleksiyadagi javohirlarning aksariyatini mahorajalar yevropalik zargarlarga maxsus yasattirgan.
XVII asrda boshlangan Boburiylar davriga oid buyumlarni ham o‘z ichiga olgan kolleksiyada 1920-1930-yillarda dunyoning eng boy kishisi bo‘lgan Patiala mahorajasi Bxupinder Singxga tegishli bo‘lgan javohirlar ham bor.
Kolleksiya Nyu-Yorkda sotuvga qo‘yilishdan oldin London, Jeneva, Dubay va Gonkongdagi ko‘rgazmalardan o‘rin oldi.