Olimlar Hindistondagi mashhur Toj Mahalning oq marmari nima uchun sarg'ayib borayotganini aniqladi. 350 yillik obidaning rangi o'zgarib borayotgani azaldan ayon edi. Oxirgi izlanishlar oshiqlar timsoliga aylangan bu maqbarani aynan qanday muhofaza qilish kerakligiga oydinlik kiritdi.
Olimlarning aytishicha, oddiy chang-to'zon, o'tin va axlatni yoqish Toj Mahalning oq marmardan ishlangan gumbazi va minoralarini och jigarrang-sarg'ish tusga solayapti.
XVII asrda qad ko'targan maqbara Hindiston shimolidagi tirband sanoat shahar Agrada joylashgan.
Ko'plar havoning ifloslanishi taniqli imoratning rangini olayapti, deb kelar edi. Biroq Viskonsin universiteti, Jorjjiya texnologiya instituti va Kanpur texnologiya instituti bir yil olib borgan izlanish aniq sabablarni izlab topdi.
Tadqiqot uchun olimlar Toj Mahalda sof, oppoq marmarni ikki oyga qoldirgan. So'ng toshni laboratoriyada tekshirgan. Kanpur texnologiya instituti professori S.N. Tripati ta'sir qiluvchi omillar har xil, deydi.
Mashinalarda ishlatiladigan dizel, benzin eng ko'p qora tutun tarqatadi. Lekin kunlar sovigandan keyin odamlar qo'liga tushgan narsani yondirib isinishga harakat qiladi. Xonadonlarda o'tin yoqilsa, ko'chalarda tappi va axlat yoqiladi, ana shu tutun imoratga yetib borayapti, deydi olim.
Faollar bir necha yildirki, Agrada havo ifloslanib borayotgani, oqibatda Toj Mahalning rangi o'chib borayotgani haqida ogohlantirib keladi. Oxirgi 10 yildan beri maqbara atrofidagi 500 metr maydonga mashinalar yo'latilmaydi.
Shunga qaramay, 2010-yilda ayon bo'lishicha, sanoat rivojlangani, aholi soni oshgani va traffik tig'iz bo'lib borgani sari Agraning havosi tobora bulg'anayapti.
Tarixiy obidalar muhofazasi bilan mashg'ul guruhlar me'moriy obidani aniq yo'lantirilgan choralar bilan himoya qilish kerak, deydi.
Dehlilik mutaxassis Ratish Nanda 350 yillik imorat eskirishi muqarrar, deya eslatadi. Lekin olimlar e'tibori va ko'proq moliya zarur ekanini ham tan oladi.
1994-yildan beri imoratga maxsus loy surkab, keyin sidirib olinadi. O'tgan yilning yozida mana shunday usul to'rtinchi bor qo'llangan, lekin ekspertlar bu yondashuvning ham ziyoni bo'lishi mumkin, deydi.
2013-yilda salkam olti million odam maqbarani ziyorat qilgan. Boburiylar sulolasining eng nodir merosi, Hindiston me'moriy obidalarining gavhari hisoblanadi Toj Mahal.