Nyu-Yorkdagi kasalxona ebolaga tayyor

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkdagi eng katta aeroport ebola virusini yuqtirgan odamlarni qabul qilishga tayyor. Shaharda kasallik qayd etilmagan bo’lsa-da, kerakli choralar ko’rilgan.

Nyu-Yorkning Kvins dahasidagi kasalxona Jon Kennedi nomli xalqaro aeroportdan bor-yo’g’i 16 kilometr narida joylashgan. Yaqindan buyon bu yerda G’arbiy Afrikadan kelgan yo’lovchilar tibbiy ko’rikdan o’tkazilmoqda. Maqsad - ebola virusini yuqtirgan kishilarni aniqlash va tegishli chora ko’rish.

Favqulodda holatlar boshqarmasi boshlig’i Mark Kindshu seshanba kuni tashkil etilgan matbuot konferensiyasida kasalxonada ebolaga chalingan bemorlar uchun alohida joy ajratilganini ma’lum qildi.

“Favqulodda holatlar boshqarmasi bemorlarni qabul qilishga tayyor,” - dedi u.

Doktor Kindshuning bildirishicha, bemorlar Sog’liqni saqlash vazirligining Nyu-York shahar boshqarmasi hamda Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi ishlab chiqqan ko’rsatmalarga ko’ra aniqlanadi.

“Eng muhimi bemor ebola holatlari qayd etilgan o’lkalarga sayohat qilgan-qilmaganligini aniqlashdan iborat,” - dedi u.

Kasalxona rasmiylari hozirga qadar ebola virusini yuqtirgan biror odam aniqlanmaganini bildirmoqda.

Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va bemorlarga xizmat ko’rsatish markazi rahbari Mimi Lim esa kasalxona ko’p yillardan beri shay ahvolda ekanini aytadi.

“Gap shundaki, bundan bir necha yil avval biologik terror xurujlariga qarshi tayyorgarlik ko’ra boshlaganmiz. Bunday choralar biz uchun yangilik emas. Biroz o’zgartirishimiz kerak, xolos”.

Mutaxassislarga ko’ra, yaqinda Afrikadagi ebola tarqalgan mamlakatga safar qilgan yoki kasal bilan muloqot qilgan odam 21 kun davomida issig’ini o’lchab turishi va oilaviy shifokor bilan bog’lanishi lozim. Virusni yuqtirganman deb o’ylasangiz avval kasalxonaga qo’ng’iroq qiling.

Ammo Kvins kasalxonasining yuqumli kasalliklar bo’lim boshlig’i, doktor Sorana Segal-Morer odamlarni xavotir olmaslikka chaqirdi. Issig’ingiz biroz baland bo’lsa yoki ko’nglingiz aynayotgan bo’lsa, bu ebola emas, boshqa, yengilroq kasallik bo’lishi ehtimoli katta. Shu bois ortiqcha tashvish qilmang, lekin ogoh bo’ling, deydi shifokor.

Your browser doesn’t support HTML5

Nyu-York kasalxonasida / Ebola/NYC