Nyu-Yorkda noqonuniy qurol savdosi jiddiy muammo

  • Amerika Ovozi

Nyu-York meri Maykl Blumberg

Amerikaning Nyu-York shahrida jinoyatlarda qo’llangan o’q otuvchi qurollarning aksariyati boshqa shtatlardan noqonuniy yo’llar bilan olib kelingan. So’nggi oylarda sakkiz politsiyachi ana shunday quroldan o’qqa tutilib, biri halok bo’ldi. Yaqinda esa ona va to’rt oylik chaqaloqni garovdan qutqarayotib to’rt politsiyachi yaralandi. Nyu-York shahar ma’muriyati noqonuniy qurol savosiga qarshi kurashda federal hukumatdan yordam so’ramoqda.

Nyu-Yorkda o’g’rilikni to’xtatmoqchi bo’lgan politsiyachi halok bo’ldi. So’nggi to’rt oyda yana yetti ofitser o’q yedi. Jamoatchilik g’azabda. Mer Maykl Blumberg federal hukumatni mavjud qonunlar ijrosini ta’minlay olmaganlikda ayblab, tanqid qiladi. Qonunga ko’ra, voyaga yetmagan, ruhan kasal, narkoman, jinoyatchilarga qurol sotish taqiqlanadi.

“Federal hukumat qonunlarda shunday bo’shliqlar qoldirganki, amal qilishini kafolatlash qiyin. Huquq-tartibot organlariga mablag’ ham ajratilmaydi,” - deydi Blumberg.

Shtat bosh prokurori Erik Shnayderman deydiki, Nyu-York shahrida jinoyatchilar qo’llagan o’q otuvchi aslahaning 90 foizi chetdan kelgan, aksariyati noqonuniy yo’l bilan.

Rasmiy qog’ozi yo’q bu qurol internetda ham sotiladi. Huquq-tartibot organlari o’tgan yili yashirin tekshiruv o’tkazib, 14 shtatda 10 vebsayt orqali biror hujjatsiz qurol sotib olish mumkin ekanini aniqladi.

Qonuniy qurol savdosi tarafdorlari fikricha, fuqarolar o’zini himoya qila olishi kerak. Bundan tashqari, oddiy odamning quroli bo’lsa, hukumat haddidan oshmaydi, oyog’ini tortadi, deydi Larri Pratt, Amerika qurol egalari deb nomlangan tashkilot rahbari:

“Aholining uyida o’q-dori bo’lsa, nima qilibdi? Bu qo’rqinchli emas. Hukumat jamiki qurol-aslahaga monopoliya o’rnatsa, ana o’shandan qo’rqish kerak!”

Nyu-York meri Maykl Blumberg nazarida bu “ahmoqona” fikr. Amerikada noqonuniy qurol kunda 34 odamning umrini xazon qiladi, deydi u. Qurol savdosi tarafdorlari hukumat yangi cheklov yoki qonun qilmasin, deb dod-voy qiladi. Loaqal, bor qonunlar ijrosini ta’minlab qo’ysin, deya mulohaza qiladi Blumberg.