Barak Obama Afrikaga yo'l olmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentining Ganaga tashrifi. 2009-yil.

Kelasi hafta AQSh rahbari Afrikaga safar qiladi. Prezident etib saylanganidan buyon bu Barak Obamaning “qora qit’a”ga ikkinchi safari. Senegal, Tanzaniya va Janubiy Afrikada bo’lib o’tadigan yig’inlarda u demokratik islohotlar hamda iqtisodiy taraqqiyotga e’tibor qaratadi; inson huquqlari himoyasiga oid muloqotlar o’tkazadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama Afrikaga yo'l olmoqda, Behzod Muhammadiy


Obamaning 2009-yil Afrikaga uyushtirgan birinchi safari bor-yo’g’i 24 soat davom etgan.

Ganada u parlament deputatlari oldida so’zga chiqib, demokratiya va mojarolarni tinch yo’l bilan hal qilish haqida gapirgan edi.

“Taraqqiyot samarali boshqaruvga bog’liq. Juda ko’p joylarda uzoq vaqt davomida aynan shu yetishmay keladi. Afrikaning ulkan potensialini ochib beradigan omil ham aynan shu”, - degan edi AQSh rahbari.

Bu safar u birinchi navbatda Senegalga boradi, mart oyida Oq uyda mehmon bo’lgan prezident Maki Sall bilan uchrashadi.

Yosh demokratik davlatlarga safar qilar ekan, Obama erkinliklar, oziq-ovqat xavfsizligi, global salomatlik hamda OITSga qarshi kurashga e’tibor qaratadi.

U, shuningdek, mushtarak aksil-terror harakatlari va Mali hamda Nigeriyadagi islomiy ekstremizm tahdidi haqida ham so’zlashi kutilmoqda.

AQShning milliy xavfsizlik masalalari bo’yicha maslahatchisi muovini Ben Rodzga ko’ra, Obama prezident etib saylanganidan buyon Afrikani bir martagina ziyorat qilib, ko’pchilikning umidini puchga chiqardi. AQSh rahbari buni yaxshi tushunadi va xatosini to’g’rilashga tayyor, deydi u.

“Agar AQSh Afrika bilan yaqin hamkorlik qilmaganida, buni Qo’shma Shtatlarning global roli pasayayotganidan darak, deya baholash mumkin edi. Obama esa bunday fikrlarni o’zgartirmoqchi”, - deydi Rodz.

Brukings tadqiqotlar institutidan afrikashunos olim Julius Agborning aytishicha, Obama qit’aga gumanitar yordamni ayamay keldi, lekin bevosita sarmoyalar hajmi past.

“Aksariyat afrikaliklar AQShning qit’aga yetarlicha sarmoya kiritmayotganidan ranjigan. Vaholanki, bu orqali millionlab yoshlarga ish topishda yordam berish mumkin”, - deydi tadqiqotchi.

Qit’aning demokratiya siymosi sifatida tasvirlanadigan Janubiy Afrikada AQSh rahbari iqtisodiy va demokratik muvaffaqiyatlarni muhokama qiladi. U sobiq prezident Nelson Mandela bilan uchrashishni ham rejalagan.

“Janubiy Afrika “qora qit’a”dagi eng yirik iqtisodiyotga ega davlat. Mustahkam demokratik institutlarga ega. Muammolar ham yo’q emas, albatta. Lekin bu davlat AQSh uchun strategik ahamiyatga ega. Afrika Ittifoqi doirasida hamda mintaqada katta ta’sirga ega,” – deydi sobiq AQSh rasmiysi Jendayi Freyzer.

Obamaning Keniyaga bormasligi alohida qayd etilmoqda. Gap shundaki, bu mamlakat prezidenti Uxuru Kenyatta va uning muovini 2007-yilgi saylovlardan so’ng yuz bergan zo’ravonliklar bo’yicha xalqaro sudga berilgan.